Go’zal Yevropa shaharlari haqida so’z ketganda ko’pchilikning hayoliga birinchi o’rinda Rim, Parij, Barselona kabi G’arbiy Yevropa shaharlari keladi. Lekin Sharqiy Yevropada bir shahar borki, uning sayyohlar orasidagi reputatsiyasi g’arbiy shaharlardan qolishmaydi. Praga! Betakror eski ko’chalari, go’zal arxitekturasi, ajoyib odamlari va madaniyati va albatta o’sha mashhur bir necha asrlik pivo industriyasi bilan Chexiya poytaxti ko’plarning qalbini zabt etgan. Aytib o’tish kerakki, Praga MDH fuqarolari yashash uchun eng ko’p ko’chib o’tadigan shaharlardan biridir. Shuning uchun ko’chalarda, do’konlarda va restoranlarda tez-tez ruscha so’zlashayotgan insonlarni uchratasiz. Bu sizga shaharni yanada yaxshiroq bilib olishda qo’l kelishi mumkin.
Arzon Aviabiletlar
✈ O’zbekiston aeroportlaridan borish-kelish aviabiletlari ❤️
✈ O’zbekiston chegarasiga yaqin qo’shni aeroportlardan ❤️
Viza
O’zbekiston fuqarosi Chexiyaga schengen viza bilan boradi. Schengen viza uchun kerakli hujjatlar va uni mustaqil, oson olish yo’llari haqida biroz avval yozib o’tdik.
Pul
Chexiyada boshqa Yevropa mamkakatlaridan farqli o’laroq o’zining milliy valyutasi koruna amal qiladi. Hozirda 1 dollar taxminan 25 korunaga teng.
Aeroport Transferi
PRAGA VATSLAV HAVEL AEROPORTI (PRG)
Avtobus: €1.25. Masalan, 100, 119, 191-avtobuslar bilan eng yaqin metro bekatigacha yetob olasiz va so’ng metro orqali shaharning istalgan tomoniga yo’lni davom ettirasiz. Poyezd vokzalga borish uchun Airport Express avtobusiga o’tiring.
Taksi: manzilga yetib olish uchun eng qulay va tez variant. Taksini oldindan bron qiling. Taksi qidirib vaqt yo’qotmaysiz va ehtimoliy firibgarlikni oldini olasiz.
Mashina ijarasi: kuniga o’rtacha €30 dan
Turar Joylar (1 kecha, 2 kishi)
PRAGA $20 DAN
HOTELLAR $30 DAN
Transport
SHAHAR ICHIDA
Pragani sayr qilishda transportga kamdan-kam ehtiyoj sezasiz. Diqqatga sazovor joylar bir-biriga yaqin joylashgan. Shunday bo’lsa-da, Pragada eng qulay jamoat transporti bu shubhasiz metro, qisqaroq masofalar uchun tramvay. 30 daqiqalik chipta 25 koruna ($1). Chiptalarni bekatda joylashgan avtomatlardan, chipta ofislaridan yoki agar sizda chex sim kartasi bo’lsa, sms orqali ham sotib olish mumkin. Chiptani avtobusga chiqqandan so’ng, validatorga tiqib tasdiqlab olishni unutmang. Agar taksiga ehtiyojingiz bo’lsa, albatta narxni oldindan kelishib oling yoki taksometr borligiga amin bo’ling. Taksi xizmati Pragada Yevropaning boshqa katta shaharlariga qaraganda ancha cho’ntakbop. Minimalka taxminan €3 va har bir km uchun €0.90.
SHAHARLARARO
Praga Chexiyaning boshqa shaharlari bilan poyezd va avtobuslar orqali yaxshi bog’langan. Mashina bilan sayohat qilish ham juda qulay. Qaysi transportni tanlashingizdan qat’iy nazar, sayohatingizni oldindan bron qilishni unutmang. Quyida misol tariqasida bir nechta shaharga transport xarajatlarini keltirib o’tamiz:
Praga – Karlovy Vary: avtobuslar €5 dan, taksi $100 dan (2 soat)
Praga – Brno: avtobuslar €4 dan, poyezd €4 dan (3 soat)
Praga – Bratislava (Slovakia): avtobuslar €10 dan, poyezdlar €10 dan (4 soat)
Praga – Vienna (Avstriya): avtobuslar €13 dan, poyezdlar €13 dan (5 soat)
Praga – Budapesht (Vengriya): avtobusalr €16 dan, poyezd €16 dan (6 soat)
Praga – Frankfurt (Germaniya): avtobuslar €16 dan, poyezd €27 dan (7 soat)
Praga – Varshava (Polsha): avtobuslar €16 dan (9 soat)
Yeb-ichish Xarajatlari
O’rtacha qimmatlikdagi restoranda tushlik taxminan €10 ga, oddiy pubda esa €5 ga tushadi. Pivo €1-1.5, Cola-cola €1 turadi. Numbeo.com da xarajatlarni batafsilroq tekshirib olasiz.
ENG DIQQATGA SAZOVOR JOYLAR
Praga eski shahri sayohatingizni boshlash uchun ideal joy. Go’zal arxitekturasi, ko’chalari, ko’plab diqqatga sazovor yodgorliklari va yoqimli atmosferasi bilan sizni o’ziga bir zumda rom qiladi. Xiyobon XII asrda shaharning markaziy bozori vazisasini o’tagan va shundan beri deyarli asl holicha saqlanib kelmoqda. Bu yerda turistlar orasida mashhur Eski Shahar Zali, 1400-yilda qurilgan Praga Astronomik Soati, Nikolas Cherkovi va boshqa ko’plab arxitektura durdonalarini uchratasiz. Biroz hordiq chiqarish uchun restoranlar, kafelar va publar o’zlarining go’zal terasalarini sizga taklif qilishadi.
Karl ko’prigi eski shaharni daryoning narigi qismi, Kichik Shaharcha (Mala Strana) bilan bog’laydi. Ko’prik bo’ylab 1357-yilda qurilishi boshlangan va 1928-yilgacha davom etgan 30 ta avliyo haykali joylashgan. Bundan tashqari, ko’prikda ko’plab suvenirlar sotuvchi yoyma rastalarni, jonli musiqa chaluvchilarni va albatta juda ko’p turistlarni uchratasiz.
Praga Qasri dunyodagi eng katta qasr kompleks hisoblanadi. U bir paytda prezident saroyi va Praganing turistlar eng ko’p tashrif buyurivchi diqqatga sazovor maskanidir. UNESCO Umumjahon Merosi ro’yhatiga kiritilgan qasrda X – XIV asrga tegishli binolar, Avliyo Vitus Katedrali, Qirollik Saroyi, Avliyo Jorj Bazilikasi va Oltin Yo’lakcha yodgorliklari joylashgan. Qasrga kirish bepul.
Bir nechta bog’, uzumzor, Petrin Minorasini o’z ichiga olgan bu joy aslida 800 yil oldin tashkil qilingan. Toza havo, go’zal yashil va gulli bog’lar, Praga shahrining panoramik manzarasidan bahramand bo’lish uchun eng yaxshi joy. U yerga tramvayda borsangiz ham bo’ladi (9, 12, 20 yoki 122-tramvay, bekat Ujezd). Bog’ga kirish bepul.
1980-yilda mashhur ingliz musiqa guruhi Beatlesning yetakchi a’zosi Jon Lennon o’ldirib ketilganidan so’ng, chex yosh aktivistlaridan biri Fransiya elchixonasi ro’parasidagi devorga Lennonning rasmini chizib ketadi. O’sha paytda Kommunistik Chexoslovakiyada g’arbga tegishli har qanday unsur: qo’shiq, rasm, film v.h ta’qiqlangan edi. Shundan so’ng, chex yoshlari bu devorga o’zlarining norozilik matnlari, grafitlarini chizib qoldirar, politsiya esa har kuni devorni chizgilardan tozalar edi. Shunday qilib, bu devor Chexoslovakiyaning ozodlik ramziga va turistlar uchun hozirda Praganing eng sevimli joylaridan biriga aylandi.
Milliy Muzey va yana bir nechta diqqatga sazovor binolarni o’zida birlashtirgan xiyobon tarixi 14-asrga borib taqaladi. Hozirda eng muhim tadbirlar, namoyishlar va eng katta Rojdestvo yarmarkalari shu yerda bo’lib o’tadi. Atrofda ko’p restoran va kafelar, do’konlar joylashgan.
QAYIQDA SAYR
Vltava daryosi bo’ylab qayiq yoki kruzda sayr sizga nafaqat zavq bag’ishlaydi balki shaharning go’zal arxitekturasini boshqa nuqtadan kuzatish imkonini beradi. 1 soatlik sayohat o’rtacha €10 dan boshlanadi. Tushlik yoki kechki ovqat ichida bo’lgan all-inclusive kruzlarni ham topish mumkin.
CHEX TAOMLARI
Go’sht va kartoshka chex milliy taomlarining asosiy ingredientlari hisoblanadi. Bundan tashqari, sho’rva turlari bu yerda xilma-xildir: chesnokli, kartoshkali, tovuqli, oshqovoqli v.h. Tushlik yoki kechki ovqatda albatta birinchisi sho’rva bo’lishi shart. Trdelnik deb nomlangan shirinlikni ko’chalarda ko’p uchratasiz. Albatta ta’tib ko’ring. Yana bir qiziq fakt: Karl Ko’prigidan biroz narida o’zbek taomlari tayyorlanadigan Samarqand restorani joylashgan. Yevropa sayohatingiz uzoqqa cho’zilib, o’zbekcha palovni sog’ingan bo’lsangiz, albatta u yerga kirib o’ting.
CHEX PIVOSI
Agar bilmasangiz, bilib oling: dunyoda eng ko’p pivo ichuvchi aholi chexiyaliklardir. Pivoni xush ko’ruvchilar chex pivosi dunyodagi eng yaxshi pivo ekanligini tan olishadi. Praga mashhur chex pivolari (Pilsner, Kozel, Staropramen, Budvar v.h)ni ta’tib ko’rish uchun ajoyib joy. Bundan tashqari, ko’plab publarda o’z pivolarini ishlab chiqarish uchun kichik zavodlar joylashgan va mehmonlar pivo degustatsiyasidan tashqari, ularni ishlab chiqarish jarayoni bilan ham tanishishlari mumkin.
1931-yilda ochilgan Praga hayvonot bog’i nafaqat shahardagi eng diqqatga sazovor joylar qatoriga kiradi, balki dunyodagi eng katta zoologik parklardan bir hamdir. 140 gektarlik maydonni egallagan park 650 turdagi 4200 jonzotni o’z ichiga oladi. Afrika Uyi, Indoneziya Junglisi, Fillar Vodiysi, Pingvinlar Pavillioni, Qushlar Dunyosi kabi bo’limlarida joylashgan hayvonlar va eksponatlar bilan kuningizni mazmunli o’tkazasiz. Hayvonot bog’ida sayr qilish qulay, atrof toza va hayvonlar uchun yaratilgan muhit maqtovga arziydi. Kirish €9.
Qachon borgan ma’qul?
FOYDALI LINKLAR
Google Maps (Google Карты): smartfoningizdagi ushbu bepul yordamchi sayohatingiz davomida sizga juda as qotadi. U nafaqat sizni shahardagi diqqatga sazovor joylar, restoranlar, supermarketlar va boshqa eng kerakli joylarga osongina olib boradi, balki ular haqida yuzlab sayohatchilar tomonidan qoldirilgan izohlar va baholar bilan sizga bu joylar haqida ko’proq ma’lumot ulashadi. Masala, biror restoranga borishdan oldin uning menusi va taom narxlarini tekshirib olishingiz ham mumkin.
Google Translate (Google Переводчик): Chet tilini bilmaslik sayohat qilishga to’sqinlik qilmasligi kerak. Masalan, yiliga 100 milliondan ortiq xitoyliklar dunyo bo’ylab sayohatga chiqadi va ularning deyarli 99% hech qanday chet tilida so’zlashmaydi. Sayohat davomida imo-ishora va qo’l harakati sizni tushunishlari uchun deyarli kifoya qiladi. To’laqonli muloqot qilmoqchimisiz? Muammosiz. Google Translate ilovasini o’rnatib oling va o’zbekcha gaplarni dunyoning istalgan tiliga o’giring yoki aksincha.
Kiwi.com: Arzon aviabiletlar
kiwitaxi: Arzon aeroport transferlari
Rentalcars.com: Arzon mashina ijarasi
Busbud.com: Arzon avtobus biletlari
Trainline.com: Arzon poyezd biletlari
tiqets.com: Diqqatga sazovor joylarga biletlar, mahalliy gidlar va qiziqarli mashg’ulotlar v.h
BikesBooking.com: Velosiped, skuter, mototsikl va hokazolarni ijaraga olish
Comment here
You must be logged in to post a comment.