BlogPlyajShahar

VENETSIYA, ITALIYA $319

Go’zal, noyob, romantik Venetsiya Italiyaning biron bir boshqa shahriga o’xshamaydi. Bir-biri bilan ko’priklar orqali bog’langan 117 ta orolni o’zida birlashtirgan Venetsiya dunyoning eng ko’p sayyohlar tashrif buyurvchi shaharlaridan biri hisoblanadi. Italiya Uyg’onish Davrida mamlakatning muhim iqtisodiy va madaniy markazi bo’lgan Venetsiya o’ziga xos arxitektura, rang-barang ko’chalar, chiroyli ibodatxonalar va muzeylar, betakror orollar va albatta romantik atmosferasi bilan sizni bu shaharga yana va yana qaytishga undaydi.

Arzon Aviabiletlar

O’zbekiston aeroportlaridan borish-kelish aviabiletlari ❤️

O’zbekiston chegarasiga yaqin qo’shni aeroportlardan ❤️

Viza

O’zbekiston fuqarosi Italiyaga schengen viza bilan boradi. Schengen viza uchun kerakli hujjatlar va uni mustaqil olish yo’llari haqida biroz avval yozib o’tdik.

Pul

Italiyada yevro () amal qiladi. Hozirda 1 dollar taxminan 0.90 yevro. Xalqaro to’lov kartalaridan Yevropaning boshqa shaharlarida bo’lgani kabi to’lovda va bankomatlardan pul yechib olishda bemalol foydalanishingiz mumkin.

Aeroport Transferi

VENETSIYA MARKO POLO AEROPORTI (VCE)

Venetsiya 100 dan ortiq oroldan tashkil topganini hisobga olsak, aeroportdan siz bron qilgan hotel qayerda joylashganligiga qarab, manzilingizga quruq yo’ldan yoki suv orqali, ba’zan ikkalasining kombinatsiyasi orqali yetib olasiz.

Avtobus: €8. Aeroport va Venetsiya markazi Piazzale Roma o’rtasida har 20 minutda jamoat avtobusi qatnaydi. So’ngra, manzilingizga vaporetto (jamoat paromi) yoki suv taksisi orqali davom ettirasiz. Port avtovokzal yonida joylashgan.

Avtobus (Shuttle Bus): €8. Bu avtobus ham Piazzale Roma avtovokzaliga boradi.

Parom: €8-15. Aeroport yonida joylashgan Alilaguna portidan jamoat paromlarini topasiz. Paromlar manzilga qarab uch xil rangga bo’yalgan (ko’k, qizil va yashil). Biletni aeroport uchib kelish zalidan yoki portlardan sotib olasiz. Har ehtimolga qarshi biletni oldindan bron qiling.

Taksi: o’rtacha €170. Suv taksi ham narx ichida (agar kerak bo’lsa).

Mashina ijarasi: kuniga o’rtacha €15 dan.

Turar Joy (1 kecha, 2 kishi)

VENETSIYA $30 DAN

HOTELLAR $40 DAN

Transport

Venetsiyani turistlar asosan piyoda yoki vaporetto (jamoat paromlari) orqali aylanishadi. Vaporettoga bir martalik bilet €7.50. Venetsiya markazidagi Grand Kanal bo’ylab suzib yuruvchi qayiqlar (traghetto) uchun bir martalik bilet €2.

Yeb-ichish Xarajatlari

Venetsiyaga yiliga 30 milliondan ortiq sayyohlar tashrif buyuradi. Shuning uchun, ovqatlanish xarajatlari ancha yuqori bo’lishini tasavvur qilish qiyin emas. O’rtacha qimmatlikdagi restoranda tushlik yoki kechki ovqat (1-, 2- va ichimliklar bilan) €35-40 dan boshlanadi. Venetsiya restoranlarida Yevropaning boshqa shaharlarida juda kamdan-kam uchraydigan, o’zbeklar uchun yaxshi tanish bo’lgan xizmat haqi (italyancha coperto) mavjud. Odatda u €2 atrofida, lekin ba’zi hotellarda €14 gacha bo’lishi mumkin. Coperto juda kam bo’lgan restoranlarda umumiy summaga soliq (10%) alohida hisoblanishi mumkin. Buni ham hisobga oling.

Venetsiyada arzon ovqatlanishning yo’llari ko’p: Pizza al Volo (takeaway pizza – pizzani o’zingiz bilan olib ketish), pizza a pezzo (pizza bo’lagi), cichetti (venetsiya tapasi) yoki supermarketlardan yegulik sotib olish.

Arzon va sifatli restoranlar qatoriga Osteria alla Staffa, Pasticeria Puppa, Antica Adelaide, Cantina do Mori, Al Timon, Paradiso Perduto, Al Merca ni qo’shishimiz mumkin.

Numbeo.com dan ham xarajatlar haqida foydali ma’lumotlar olishingiz mumkin.

ENG DIQQATGA SAZOVOR JOYLAR

AVLIYO MARK BAZILIKASI

tiqets.com

XI asrda qurilgan Basilica di San Marco Venetsiyaning eng diqqatga sazovor joyi desak adashmaymiz. Asrlar davomida yaxshi saqlanib qolgan bu go’zal arxitektura durdonasi Piazza San Marco maydonida joylashgan bo’lib, Grand Kanal orqali paromda ham kelish mumkin. Cherkovning ichiga kirish bepul, lekin ba’zan uzun navbatda turishingizga to’gri keladi.

GRAND KANAL

viator.com

Venetsiyaning asosiy ko’chasi hisoblangan Canale Grande shaharning turistlar orasida eng mashhur va eng ko’p rasmga olinadigan qismi. 3 km ga cho’zilgan kanal bo’ylab vaporettolar va turistlar uchun maxsus suv avtobuslari orqali sayr qilish mumkin. Agar pul muammo bo’lmasa, romantik sayr uchun kanal bo’ylab jonli serenada musiqasi ostida an’anaviy venetsian gondolada sayr qiling. Bunday privat sayr sizga o’rtacha €100-150 ga tushadi. Agar gondolani boshqalar bilan bo’lishsangiz, unda taxminan €40-50 atrofida sarflaysiz, faqat bunday turni oldindan bron qilishni maslahat beramiz (joy qolmasligi mumkin).

RIALTO KO’PRIGI

kasado.com

Bir necha asr oldin Grand Kanalni kesib o’tish uchun Ponte di Rialto yagona ko’prik edi. Hozirda bunday katta ko’priklar soni 4 ta bo’lsa-da, Rialto ko’prigi ular orasida eng mashhuri hisoblanadi. Ko’prikning hozirgi varianti taniqli italyan arxitektori va injineri Antonio da Ponte tomonidan loyihalashtiriladi va quriladi. Antoniodan oldin ko’prik bir necha bor qurilgan va uzoq chidash bermasdan qulab tushavergan. Antonio ko’prikni to’liq toshdan quradi va o’sha paytdagi ko’p tanqidchilarning fikriga ko’ra, bunday ko’prik uzoq vaqt dosh berolmasligi kerak edi. Lekin hozirgacha o’z asl holini yo’qotmagan ko’prik muhandislik mo’jizalaridan bir hisoblanadi.

SAN MARKO MINORASI

blinktravel.guide

Dastlab XVI asrda qurilgan Campanile di San Marco XX asr boshlarida qayta tiklanadi. Ushbu binodan bir paytlar Galileo Galiley o’zining teleskopi yordamida yulduzlarni kuzatgan. Minora yuqorisidan Venetsiyaning panoramik manzarasini tomosha qilish sizga o’zgacha zavq bag’ishlaydi. Uzun navbatdan qochish uchun, bu yerga ertalab yoki quyosh botganda keling. Minoraga ko’tarilish uchun €8 to’laysiz.

AVLIYO MARK MAYDONI

veniceupcoming.com

Piazza San Marco Venetsiyaning yuragi hisoblanadi. Shahardagi eng katta maydon bo’ylab bir nechta muhim tarixiy joylarni uchratasiz: Avliyo Mark Bazilikasi, Avliyo Mark Minorasi, Doge Saroyi. Bundan tashqari, hordiq chiqarish uchun ko’plab restoranlar va barlar xizmat ko’rsatadi. Ajoyib arxitektura, mazali taomlar, italyan vinosi va suvenir do’konlar kuningizni mazmunli o’tishini ta’minlaydi.

G’AMGIN KO’PRIK

blamethemonkey.com

Ponte dei Sospir bir paytlar Doge Saroyida joylashgan sud zalini shahar qamoqxonasi bilan bo’g’lovchi ko’prik bo’lgan. Aytishlaricha, o’limga yoki bir umrga qamalishga hukm qilingan mahbuslar ushbu ko’prik oynalaridan oxirgi marta tashqi dunyoga tushkun kayfiyatda qarab o’tganlar. Boshqa bir afsonada aytishlaricha, sevishganlar ushbu ko’prik ostidan qayiqda o’tayotgan paytda o’pishsalar, ular bir umr baxtli hayot kechiradilar.

DOGE SAROYI

itinari.com

Palazzo Ducale bir vaqtlar Venetsiya gubernatori (ducale) qarorgohi, hukumat va sud binosi vazifasini o’tagan. Go’zal va hashamatli arxitektura, bino ichki bezaklari, xonalari va yashirin yer osti yo’llari sizga Venetsiya o’tmishi qanday bo’lganligi haqida yaxshi tasavvur beradi. Binoga uzun navbatlar oddiy holat. Navbat kutmaslik uchun maxsus biletni ertaroq onlayn bron qiling.

LIDO OROLI

booking.com

Shovqin shahar hayotidan dam olishni istasangiz, Lido oroli siz qidirayotgan joy. Venetsiya shahri va Adriatik dengizi o’rtasida joylashgan ushbu orolda ko’plab restoranlar, do’konlar, hotellar joylashgan. Lidoning sokin sohillarida sayr qilib xotirjamlikdan rohatlaning. Yoki quyosh ostida toblanib, plyajda hordiq chiqaring.

MURANO

viator.com

Murano Venetsiya okrugidagi bir nechta orollarni birlashtirgan shaharcha. Bu yerda Venetsiya markaziy shahridagi kabi ko’p turistni uchratmaysiz, lekin chiroyli ko’chalari, go’zal arxitekturasi, an’anaviy taomlar tayyorlovchi restoranlari va bir nechta diqqatga sazovor joylari bilan o’tkazgan vaqtingizga afsuslantirmaydi.

Qachon borgan ma’qul?

Climate and average monthly weather in Venice (Veneto), Italy

FOYDALI LINKLAR

Google Maps (Google Карты): smartfoningizdagi ushbu bepul yordamchi sayohatingiz davomida sizga juda as qotadi. U nafaqat sizni shahardagi diqqatga sazovor joylar, restoranlar, supermarketlar va boshqa eng kerakli joylarga osongina olib boradi, balki ular haqida yuzlab sayohatchilar tomonidan qoldirilgan izohlar va baholar bilan sizga bu joylar haqida ko’proq ma’lumot ulashadi. Masala, biror restoranga borishdan oldin uning menusi va taom narxlarini tekshirib olishingiz ham mumkin.

Google Translate (Google Переводчик): Chet tilini bilmaslik sayohat qilishga to’sqinlik qilmasligi kerak. Masalan, yiliga 100 milliondan ortiq xitoyliklar dunyo bo’ylab sayohatga chiqadi va ularning deyarli 99% hech qanday chet tilida so’zlashmaydi. Sayohat davomida imo-ishora va qo’l harakati sizni tushunishlari uchun deyarli kifoya qiladi. To’laqonli muloqot qilmoqchimisiz? Muammosiz. Google Translate ilovasini o’rnatib oling va o’zbekcha gaplarni dunyoning istalgan tiliga o’giring yoki aksincha.

Kiwi.com: Arzon aviabiletlar

kiwitaxi: Arzon aeroport transferlari

Rentalcars.com: Arzon mashina ijarasi

tiqets.com: Diqqatga sazovor joylarga biletlar, mahalliy gidlar va qiziqarli mashg’ulotlar v.h

Ko’p Bron Qilinadigan Biletlar:

24 soatlik Hop-on Hop-off qayiq

Gold City Pass: Bilet 7 kun mobaynida Venetsiyaning barcha muzey va diqqatga sazovor joylariga kirish, 72 soat davomida jamoat transportlaridan (bus, paromlar), 24 soat mobaynida Wi-Fi dan foydalanish va yana bir qancha imkoniyatlarni beradi.

Comment here