Yil bo’yi mo’tadil iqlim, Tel Avivning go’zal plyajlari, Quddusning boy madaniy yodgorliklari, mo’jizali O’lik Dengizda hordiq Isroilga sayohat qilish uchun yetarli asoslardir. Rivojlangan infrastruktura, xizmatlar sifatining yuqoriligi, mazali oshxonalar va narxlarning cho’ntakbopligi ham mamlakatga tashrif buyuruvchilar sonini yildan yilga oshirmoqda.
Arzon Aviabiletlar
✈ O’zbekiston aeroportlaridan borish-kelish aviabiletlari ❤️ Tel Aviv ❤️ Eylat ❤️
✈ O’zbekiston chegarasiga yaqin qo’shni aeroportlardan ❤️ Tel Aviv ❤️ Eylat ❤️
Viza
O’zbekiston fuqarolari Isroilga viza bilan boradi. Vizani oson va mustaqil olish haqida avval yozib o’tdik.
Pul
Isroil milliy valyutasi shekel. Hozirda 1 dollar taxminan 3.5 shekelga teng. Xalqaro to’lov kartalari hotel, restoran va magazinlarda keng qabul qilinadi. Ular orqali bankomatdan mahalliy valyutada pul yechib olish ham muammo emas. Shunday bo’la-da, yoningizda yetarlicha naqd pul olib yurishni tavsiya qilamiz. Aeroportda yoki shahar markazlarida valyuta almashtirish shoxobchalarini ko’p uchratasiz.
Aeroport Transferi
TEL AVIV BEN GURION AEROPORTI (TLV)
Poyezd: bilet narxi $3.5.
Taksi: hotelga yetib olish uchun eng qulay va tez variant. Taksini oldindan bron qiling. Taksi qidirib vaqt yo’qotmaysiz va ehtimoliy firibgarlikni oldini olasiz.
Mashina ijarasi: kuniga o’rtacha $30 dan
EYLAT RAMON AEROPORTI (ETM)
Avtobus: bilet narxi $1.5
Taksi: hotelga yetib olish uchun eng qulay va tez variant. Taksini oldindan bron qiling. Taksi qidirib vaqt yo’qotmaysiz va ehtimoliy firibgarlikni oldini olasiz.
Mashina ijarasi: kuniga o’rtacha $30 dan
Turar Joy (1 kecha, 2 kishi)
TEL AVIV $40 DAN
EYLAT $30 DAN
QUDDUS $50 DAN
O’LIK DENGIZ $30 DAN
Transport
SHAHAR ICHIDA
Isroil jamoat transportlari (avtobus va poyezd) dan foydalanish uchun maxsus Rav-Kav kartasini sotib olishingiz kerak. Bunday kartalarni aeroportdan yoki avtobus/poyezd bekatlaridan topasiz. Avtobus yoki poyezdga chiqqaningizdan so’ng, kartani validatorga tekkizish kifoya, validator avtomatik tarzda karta hisobidan chipta haqini yechib oladi. Shahar ichida va shaharlaro sayohat uchun avtobus – eng qulay variant. Shahar ichida bir martalik chipta taxminan $1.7 turadi. Bundan tashqari, Isroil shaharlarida, ayniqsa, Tel Avivda velosiped yoki skuterni ijaraga olish ham turistlar orasida mashhur. Taksi chaqirish uchun Isroilda keng foydalaniladigan Gett Taxi mobil ilovasini yuklab oling va undan foydalanish uchun aeroportning o’zidayoq sim karta sotib oling. Bubble mobil ilovasidan esa shaharlararo va shahar ichi xususiy marshrutkalar (6-12 o’rindiqli kichik avtobuslar) ni topishda foydalanish mumkin. Bu oddiy jamoat transportlaridan tezroq va qulayroq, lekin biroz qimmatroq. Chipta narxi taxminan $4 dan boshlanadi.
SHAHARLARARO
Shahararo sayohatda avtobusdan tashqari, samolyot (Tel Aviv – Eylat) yoki marshrutkalardan foydalanish mumkin. Masalan, Tel Avivdan Quddusga avtobus har 15 daqiqada yo’lga chiqadi va chipta narxi atigi $5. Masofani 1 soat da bosib o’tasiz. Isroil katta davlat emas, Tel Avivdan eng uzoq region Eylatga ham mashinada maksimum 4 soatda yetib olasiz.
Isroilda mashinada sayohat qilish ham juda qulay va cho’ntakbop. Yo’llar sifatli va shaharlaro yaxshi bog’langan. Eng asosiysi, sayohat qilishda erkin bo’lasiz. Rentalcars.com portalida istalgan klassdagi mashinani eng arzon narxlarda bron qilishingiz mumkin.
Yeb-ichish Xarajatlari
Fast foodlar o’rtacha $7, qimmat bo’lmagan restoranda asosiy ovqatlar $10-15 dan boshlanadi. Masalan, McDonald’s da Big Mac menu $15. Numbeo.com portalida xarajatlarni batafsil tekshirib olishingiz mumkin.
ENG DIQQATGA SAZOVOR JOYLAR
Tel Aviv
Isroilning eng zamonaviy shahri va mamlakatning asosiy xalqaro parvozlar o’chog’i. O’rta Yer dengizi sohilida joylashgan Tel Aviv nafaqat go’zal plyajlari, balki qaynoq shahar hayoti va mazali taomlari bilan ham mashhur. Yahudiylar va arablar ko’pchilikni tashkil qiladigan Tel Aviv o’zining ko’p millatliligi bilan ham ajralib turadi. Shahar qiziqarli muzeylar, an’anaviy bozorlar, savdo markazlari va ko’ngil ochar mashg’ulotlarga boy.
O’rta Yer dengizida joylashgan eng qadimiy port shaharlardan bir. Eski tor ko’chalar bo’ylab kezar ekansiz, ochiq bozorlar, Soat Minorasi, Orzular Ko’prigi, Andromeda Qoyasi, Al-Bahr Masjidi kabi diqqatga sazovor joylarni uchratasiz. Har kuni 14:00 dan Soat Minorasi yonidan Jaffa bo’ylab mahalliy gid bilan bepul sayrga qo’shilishingiz mumkin.
XIX asr oxirida Yevropadan kelgan yahudiylar o’rnashgan Isroilning birinchi dahasi. Chiroyli ko’chalar va uylar hozirgacha yaxshi saqlanib qolgan va ko’pi san’at asarlari butiklariga, kafe va restoranlarga aylantirilgan. Dahada Usmoniy Turklar tomonidan qurilgan eski poyezd vokzali joylashgan bo’lib, ta’mirdan chiqqandan so’ng turistlar uchun diqqatga sazovor joylardan biriga aylandi.
Tel Avivning eng katta fresh marketi. Bundan tashqari, bu yerda kiyim-kechak rastalarini, street food va milliy taomlarni ham topasiz.
Tel Avivning eski porti ta’mirdan so’ng, aholi va turistlar vaqt o’tkazadigan sevimli joyga aylandi. Do’konlar, kafelar, art butiklar va har kungi jonli musiqiy konsertlar bilan kunni maroqli o’tkazasiz.
O’rta Yer dengizining toza havosidan rohatlanish uchun Tel Avivning broadwayidan yaxshi joy topolmaysiz. Bir tomonda dengiz, ikkinchi tomonda shahrning osmono’par binolari sizni yo’l bo’yi zeriktirmaydi. Quyosh botgandan so’ng, velosipedni ijaraga olingda kechki sayrdan zavqlaning.
TEL AVIV PLYAJLARI
14 kmga cho’zilgan Tel Aviv sohillarida 13 ta jamoat uchun ochiq plyajlar joylashgan. Har bir plyajda kiyim almashtirish va yuvinish uchun xonalar, qutqaruv punktlari, ijaraga olish uchun stullar, krovatlar va soyabonlar, bolalar uchun o’yin maydonchalari, restoranlar va barlar mavjud. Eng mashhur plyajlar: GORDON BEACH, FRISHMAN BEACH, BANANA BEACH, HATZUK BEACH, TEL BARUCH BEACH, METZITZIM BEACH …
Quddus
Quddus nafaqat Isroilning poytaxti, balki dunyodagi eng mashhur shaharlardan biridir. Uning ahamiyati shu qadar yuqoriki, uchta asosiy e’tiqod egalari (Xristianlar, Musulmonlar va Yahudiylar) bu shaharni o’zlari uchun muqaddas deb bilishadi.
Yad Vashem majmuasi Xolokost to’g’risida dunyodagi eng katta ma’lumot bazasini o’z ichiga oladi. 45 gektar maydonni egallagan ushbu majmua muzeylar va yodgorliklardan iborat. Bu yerda o’sha mash’um voqeani yorituvchi artifaktlar va eksponatlar bilan tanishasiz. Shuningdek, Ismlar Zali va Xolokostning yosh qurbonlariga bag’ishlangan Bolalar Yodgorligi ham joylashgan.
Ko’p vaqtingizni Quddusning eski shahrida o’tkazishingiz tayin. Sababi, Quddusning eng mashhur diqqatga sazovor joylari aynan shu yerda joylashgan. Eski shahar 4 ta dahaga bo’lingan: Yahudiylar dahasi, Musulmonlar dahasi, Xristianlari dahasi va Armanlar dahasi. Har bir daha o’zining takrorlanmas atmosferasi bilan ajralib turadi. Eski shahar bo’ylab 24/7 sayohat qila olsangizda, shaharga kiraverishda qattiq xavfsizlik tekshiruvidan o’tishga tayyor turing.
Bu muzey shubhasiz dunyodagi eng qiziqarli muzeylardan biridir. Yahudiy san’ati to’plamlari, qadimiy haykallar va dokumentlar va yana ko’plab artifaktlar bilan tanishasiz. 20 gektar hududni egallagan muzey 500 mingdan ortiq yodgorliklarni o’zida jamlagan.
Quddusning eng katta mahalliy bozori. Yahudiylarning sevimli mahsulotlaridan bahramand bo’lish uchun ideal joy. Albatta, non, pishiriq va holvalardan ta’tib ko’ring.
Avvaldan Zaytun tog’i katta ahamiyatga ega bo’lgan va Quddusning markazi hisoblangan. Bugungi kunda ushbu joyda yahudiy va xristianlar uchun muqaddas ziyoratgoh joylashgan bo’lib, unda 150.000 dan ortiq qabrlar bor. Sababi, 3000 yil davomidan ushbu tog’ Quddusda an’anaviy dafn qilinadigan joy bo’lgan.
Eski shaharda joylashgan G’arbiy Devor yoki Faryod Devori Yahudiylar uchun eng muqaddas joy. Har yili millionlab Yahudiy va Yahudiy bo’lmagan ziyoratchilar o’z istaklarini Xudoga yetkazish yoki shunchaki ibodat qilish uchun bu yerga tashrif buyuradilar.
Dunyodagi eng katta masjidlardan biri bo’lgan Al Aqsa masjidi Islom dunyosida uchinchi muqaddas joy sanalgan Haram Esh Sharif majmuasining bir qismi, xolos. 14 gektar hududni egallagan majmuada bog’lar, favvoralar va turli maqsadlar uchun qurilgan binolar joylashgan.
Quddus qal’asi sifatida ham tanilgan qadimgi qal’a. Uning yuqori qismidan Quddusning panoramik manzarasini guvohi bo’lasiz.
O’lik Dengiz
O’lik Dengiz (The Dead Sea) sayyohlar uchun Isroilning eng diqqatga sazovor joylaridan biridir. Odam cho’kmaydigan bu mo’jizali dengiz joylashgan hudud yer yuzining Eng Pastki Qismi hisoblanadi. Dengiz suvida yotib xordiq chiqarish, SPA protseduralari, dengiz atrofidagi tog’lar, sharsharalarga sayr qilish sayyohlarning eng sevimli mashg’ulotlaridan.
Qanday boriladi: O’lik Dengizga Tel Avivdan taxminan 170km, Quddusdan 100km. Har kuni Jerusalem Central Bus Station dan va Arlozorov Bus Station (55 shekel) dan doimiy avtobuslar yo’lga chiqadi. Avtobus jadvallarini shu yerda ko’rishingiz mumkin. Bundan tashqari, Tel Avivdan Quddusga bir kunlik turlarda ham qatnashishingiz mumkin.
Eylat
Isroil janubida, Qizil Dengiz sohilida joylashgan Eylat regioni so’ngi yillarda sayyohlarning sevimli ta’til manziliga aylandi. Go’zal plyajlar, yil bo’yi mo’tadil iqlim, soliqlardan ozod shopping markazlari, arzon xalqaro parvozlar va cho’ntakbop yashash xarajatlari buning asosiy sabablaridir.
Delfinlar bilan yonma-yon suzishni xohlovchilar yoki shunchaki ularning quvnoq o’yinini tomosha qiluvchilar uchun ajoyib joy.
ENG YAXSHI PLYAJLARI
Yilnig deyarli istalgan paytida Eylatga sohilda dam olsih uchun kelish mumkin. Uzoq kutilgan ta’tilingizni o’tkazish uchun bu yerda mo’tadil iqlim va mayin qumli go’zal plyajlarni topasiz. Eng mashhur plyajlar: North Beach, Princess Beach, Coral Beach, Mosh Beach, Aqua Beach…
SUVOSTI SAYOHATI
Suvosti sayohati uchun eng yaxshi plyajlar Aqua Beach va Migdal Or Beach. U yerda g’ovvoslik uchun hamma narsani topasiz, shunigdek ijaraga olish ancha arzon.
Eylatda sayyohar boradigan sevimli joylardan biri. Akvariumlar dengizning noyob jonzotlari bilan to’la.
Qizil Dengizga qayiqda sayohat qilmoqchi bo’lsangiz, Eilat Marina degan joyga boring. Bunday sayohatlar asosan shu yerdan boshlanadi. Sayohat odatda 2 soatlarcha davom etadi va chiptani ham sayohat boshlanishidan oldin sotib olishingiz mumkin.
150 dan ortiq do’konlar, restoranlar, kafelar va supermarketlarni o’z ichiga olgan savdo markazida kiyim-kechaklar va suvenirlarni QQS siz sotib olishingiz mumkin.
Qachon borgan ma’qul?
TEL AVIV
EYLAT
FOYDALI LINKLAR
Google Maps (Google Карты): smartfoningizdagi ushbu bepul yordamchi sayohatingiz davomida sizga juda as qotadi. U nafaqat sizni shahardagi diqqatga sazovor joylar, restoranlar, supermarketlar va boshqa eng kerakli joylarga osongina olib boradi, balki ular haqida yuzlab sayohatchilar tomonidan qoldirilgan izohlar va baholar bilan sizga bu joylar haqida ko’proq ma’lumot ulashadi. Masala, biror restoranga borishdan oldin uning menusi va taom narxlarini tekshirib olishingiz ham mumkin.
Google Translate (Google Переводчик): Chet tilini bilmaslik sayohat qilishga to’sqinlik qilmasligi kerak. Masalan, yiliga 100 milliondan ortiq xitoyliklar dunyo bo’ylab sayohatga chiqadi va ularning deyarli 99% hech qanday chet tilida so’zlashmaydi. Sayohat davomida imo-ishora va qo’l harakati sizni tushunishlari uchun deyarli kifoya qiladi. To’laqonli muloqot qilmoqchimisiz? Muammosiz. Google Translate ilovasini o’rnatib oling va o’zbekcha gaplarni dunyoning istalgan tiliga o’giring yoki aksincha.
Kiwi.com: Arzon aviabiletlar
kiwitaxi: Arzon aeroport va shaharlaro transferlar
Rentalcars.com: Arzon mashina ijarasi
Comment here
You must be logged in to post a comment.