BlogShaharViza talab qilinmaydi

SANKT-PETERBURG $259 DAN

Sankt-Peterburg (Санкт-Петербург) shubhasiz dunyodagi eng go’zal shaharlardan biridir. Ulug’vor saroylari, yodgorliklari, chiroyli bog’lari va shahar markazidan o’tuvchi kanallari bir-birini to’ldirib turadi. Aytishlaricha, har bir yirik rus yozuvchisi umrining bir qismini shu yerda yashagan yoki hech bo’lmaganda shu erda o’zining shedevrlarini yaratgan.

Arzon Aviebiletlar

O’zbekiston aeroportlaridan borish-kelish aviabiletlari ❤️

O’zbekiston chegarasiga yaqin qo’shni aeroportlardan ❤️

Airport Transferi

PULKOVO AEROPORTI (LED)

Avtobus: N39. Chipta narxi taxminan 70 rubl ($0.65). Avtobus sizni eng yaqin metro bekatigacha eltib qo’yadi. Shundan so’ng, metro bilan shaharning istagan burchagiga sayohat qilishingiz mumkin.

Taksi: taxminan $20-30 dan. Taksi topish uchun ketadigan vaqtni va ehtimoliy firibgarlikni oldini olish uchun, taksini oldindan onlayn bron qiling. Bu sizga ishonchli xizmat, arzon narx, bronni istagan payt bekor qilish, karta yoki naqdda to’lash kabi imkoniyatlarni beradi.

Turar Joy (1 kecha, 2 kishi)

SANKT-PETERBURG $7 DAN

HOTELLAR $12 DAN

Transport

Sankt-Peterburgda jamoat transportlari juda yaxshi ishlaydi. Metro, avtobus, tramvayda shahar bo’ylab sayohat qilish ancha qulay. Bir martalik chipta narxi taxminan 70 rubl ($0.65).

Pul

Xalqaro to’lov kartasi bilan deyarli barcha joyda to’lovni amalga oshira olasiz. Valyuta almashtirish shoxobchalarini aeroportdan yoki shahar markazlaridan topishingiz mumkin. Amaldagu kursni xe.com dan tekshirib oling.

Yeb-ichish xarajatlari

Bir kunlik xarajatlaringiz 1000-1100 rubl ($13) atrofida bo’lishi mumkin. Qimmat bo’lmagan restoranda tushlik uchun taxminan 350-400 rubl ($5) sarflaysiz.

DIQQATGA SAZOVOR JOYLAR

Rossiyaning shimoli-g’arbida joylashgan bu shaharda 5 milliondan ortiq aholi yashaydi. Sankt-Peterburg Rossiyaning Moskvadan keyingi ikkinchi eng muhim markazi, xususan madaniyat va san’at sohasida. Bu yerda 40 dan ortiq universitet, 200 dan ortiq muzey va 100 dan ortiq teatr faoliyat ko’rsatadi. Shahar, shuningdek, dengiz va havo transport uchun ham asosiy transport markazlaridan biridir.

tripadvisor.ru

Daryolar va ko’priklar shahri

Sankt-Peterburg, bekorga, shimol Venetsiyasi deb atalmaydi. Shahar daryolar, kanallar va ko’llarga boy. Ushbu suvlar ustidan yuzlab ko’priklar o’tadi. Ba’zi manbalarda Sankt-Peterburgdagi barcha ko’priklar soni mingga yaqinligi aytiladi. Shahardan o’tuvchi Neva daryosi ustida uzunligi deyarli 3km tashkil qiluvchi eng katta ko’prik joylashgan. Shuningdek, shaharda yuk kemalarining suzib o’tishi uchun imkon beradigan bir nechta ochilib yopiladigan ko’priklar mavjud. Ko‘priklarning aksariyati yarim tundan keyin ochiladi. Ba’zilari esa faqat erta tonggacha ochiq, xolos. Shu sababli odamlar narigi qirg’oqqa o’tish uchun ba’zan boshqa yo’llarni topishga majbur bo’lib qoladilar.

Rasmda Saroy ko’prigi. “Белая Ночь” kunlarida odamlar oqshom chog’ida Neva daryosi bo’ylab ertalabgacha sayohat qiladilar. Manba: unsplash.com

Ushbu shahar 1703 yilda Pyotr I (Петр I yoki Петр Великий) tomonidan asos solinganidan beri “Peter” nomi bilan ataladi. Sovetlar hukmronligi davrida deyarli 70 yil davomida u Leningrad nomini olib yurdi. 1991-yildan beri u rasmiy ravishda Sankt-Peterburg nomini oldi.

Ikkinchi Jahon urushi paytida shahar yangi davr tarixidagi eng uzoq qamalni boshidan kechirdi va nemislar tomonida bombardimon qilindi. Ochlikdan yuz minglab odamlar qirilib ketdi. Bugun ommaviy qabr o’rnida Piskariov memorial qabristoni (Пискарёвское мемориальное кладбище) joylashgan bo’lib, u erda bu qurbonlar xotirasiga abadiy olov yonib turadi.

flickr.com

Белые ночи (Oq tunlar)

Maydan iyulgacha bo’lgan kechalar “белые ночи” ya’ni oq (yorug’) tunlar deb ataladi. Bu davrda quyosh to’liq botmaydi va bu tunda ham ko’chalar tabiiy yorug’ bo’lishini ta’minlaydi. Shu sababli, yoz paytida Sankt-Peterburg turistlar “boom”ini boshidan kechiradi. Shaharning ishlash ritmi ham shunga moslashgan. Bu davrda ko’p tashkilotlar, magazinlar, restoranlar, muzeylar ish vaqtini uzaytiradi. Tun bo’yi sayyohlarning qayiqlarda suzishi odatiy holdir. Yarim tundan keyin ko’priklar ochilishini tomosha qilish nafaqat sayyohlarni uchun, balki mahalliy aholini ham o’ziga jalb qiladi.

parvushin.com

San’at va muzeylar

Nafaqat Rossiyaning, balki butun dunyoning tarixi va san’atini o’ziga jamlagan eng yirik muzeylardan biri bu – Ermitaj. Muzeyga 1764-yilda rus qirolichasi Katarina II asos solgan. Dastlab bu muzey uning shaxsiy kolleksiyasini o’zida jam qilgan va asta-sekin uni qirollik avlodlari to’ldirib borishgan. Inqilobdan so’nggina bu muzey omma uchun ochilgan.

Muzeyda uch milliondan ortiq artefaktlar va san’at asarlari mavjud. Ermitajni to’liq aylanish uchun sizga bir necha kun kerak bo’ladi. Bu erda Vinsent Van Gog, Renoir, Karavaggio, Rubens, Monet, Rembrand va boshqa buyuk insonlarning asarlari ham mavjud.

Muzey eksponatlari bir nechta binolarga bo’lingan: Yangi Ermitaj (Новый Эрмитаж), Eski Ermitaj (Старый Эрмитаж), Kichik Ermitaj (Малый Эрмитаж), Ermitaj Teatri (Эрмитажный театр), Bosh Shtab (Главный штаб), Menshikov Saroyi (Меншиковский дворец) va eng mashhuri Qishki Saroy (Зимний дворец).

pixabay.com

Ibodatxonalar va yodgorliklar

Avliyo Pyotr va Pol ibodatxonasi Krolichiy orolida, Petropavlovskiy qal’asi devorlari ortida joylashgan. Ulkan ibodatxonaning oltin bezakli minorasi va uning eng yuqori qismida joylashgan farishta haykalchasi shaharni istalgan nuqtasidan ko’rinib turadi. Aynan Krolichiy orolida Sankt-Peterburg asoschisi Pyotr Buyuk (Петр I yoki Петр Великий) Yevropaning go’zal shaharlaridan ilhomlangan holda huddi shunday bir shahar qurish qaroriga keladi. Orolda joylashgan Petropavlovskiy qal’asi sotsializm davrida siyosiy mahbuslarni ushlab turish vazifasini ham bajargan.

pixabay.com

Isoning Tirilishi ibodatxonasi (Собор Воскресения Христова) imperator Aleksandr III tomonidan qurilgan pravoslav ibodatxonasi hisoblanadi. Bu yerda uning otasi Aleksandr II o’ldirilgan edi. Binoning tashqi va ichki qismlari juda hashamatli bezatilgan, shuning uchun tashrif buyurishga albatta arziydi.

pixabay.com

Bu ibodatxona interieri ko’k va tilla rangli naqshlar bilan hayratlanarli dizayn hosil qilgan.

pixabay.com

Qozon ibodatxonasi yoki Muqaddas Is’hoq ibodatxonasi (Исаакиевский собор) shahardagi eng katta pravoslav ibodatxonasi. Me’moriy jihatdan, ibodatxona shahardagi boshqa ibodatxonalardan farq qiladi. Bu ko’proq Vatikanda joylashgan Avliyo Pyotrning cherkoviga o’xshaydi. Vatikandagi cherkov ham xuddi shunday gumbazli va atrofi uzun arkasimon ochiqliklarga ega. Istasangiz binoning yuqori qismigacha ko’tarilib shaharning ajoyib manzarasidan bahramand bo’lishingiz mumkin. Aytishlaricha, bu yerdan dengiz ortida joylashgan Finlandiyani ham ko’rish mumkin ekan.

unsplash.com

Sankt-Peterburg masjidi 1913-yilda qurilgan bo’lib, 5000 kishiga mo’ljallangan. O’sha paytda Yevropadagi eng katta masjid hisoblangan.

tripadvisor.ru

Saroylar va imperatorlar qarorgohlari

Peterhof (Петергоф) bir nechta saroylardan iborat majmua. U Pyotor I tomonidan qurilgan va uni Rus Versali deb ham atashadi. Bog’lari favvoralar, haykallar va hovuzlar bilan bezatilgan. Majmua kiraverishidagi 60 dan ortiq favvoralar, sharsharalar va 200 ta haykallar bu joyning qanchalik ulug’vorligi belgisidir. Peterhof Sankt-Peterburgdan taxminan 35 kilometr g’arbda joylashgan. Bu joyga shahar markazidan doimiy avtobus yo’lga qo’yilgan.

pixabay.com

Imperator qishlog’i (Царское Село) ham Sankt-Peterburgdan 35km, faqat janubda joylashgan. Ushbu saroy va bog’lar majmuasida Katarina Saroyi joylashgan. Bu va Sankt-Peterburgdagi Qish Saroyining me’mori bir odamdir. Bu saroyda o’sha mashhur “Qahrabo xonasi”(Янтарная комната) ning replikasi joylashgan. Ikkinchi Jahon urushida nemislar tomonidan barcha qismlari ko’chirib olib ketilgan va keyinchalik izsiz yo’qolgan.

pixabay.com

Qachon borgan ma’qul?

Yoz oylari Sankt-Peterburgga tashrif buyurish uchun eng maqbul payt. Iyulning eng issiq kunlarida o’rtacha harorat 25 darajaga etadi, lekin kechasi harorat 15 darajagacha tushishib ketishi mumkin. Shuning uchun kechki sayrga ozgina issiqroq kiyim bilan chiqishni tavsiya etamiz. Eng sovuq oylar yanvar va fevral oylari bo’lib, havo harorati o’rtacha -3 dan -9 darajagacha. Ammo qorga belangan Sankt-Peterburg ham betakror manzaraga ega.

unsplash.com

Yana bir maslahat: Agar siz shovqin shahar hayoti, do’konlar va kafelarni qidirayotgan bo’lsangiz, Nevskiy prospekti tomon yuring. Bu Sankt-Peterburgning 4.5 km ga cho’zilgan ko’chasi sizni shaharning ko’plab diqqatga sazovor joylariga olib boradi.

Sankt-Petergburgda bo’lganmisiz? Yana qayerlarni ziyorat qilishni tavsiya qilardingiz?

FOYDALI LINKLAR

Google Maps (Google Карты): smartfoningizdagi ushbu bepul yordamchi sayohatingiz davomida sizga juda as qotadi. U nafaqat sizni shahardagi diqqatga sazovor joylar, restoranlar, supermarketlar va boshqa eng kerakli joylarga osongina olib boradi, balki ular haqida yuzlab sayohatchilar tomonidan qoldirilgan izohlar va baholar bilan sizga bu joylar haqida ko’proq ma’lumot ulashadi. Masala, biror restoranga borishdan oldin uning menusi va taom narxlarini tekshirib olishingiz ham mumkin.

Google Translate (Google Переводчик): Chet tilini bilmaslik sayohat qilishga to’sqinlik qilmasligi kerak. Masalan, yiliga 100 milliondan ortiq xitoyliklar dunyo bo’ylab sayohatga chiqadi va ularning deyarli 99% hech qanday chet tilida so’zlashmaydi. Sayohat davomida imo-ishora va qo’l harakati sizni tushunishlari uchun deyarli kifoya qiladi. To’laqonli muloqot qilmoqchimisiz? Muammosiz. Google Translate ilovasini o’rnatib oling va o’zbekcha gaplarni dunyoning istalgan tiliga o’giring yoki aksincha.

Kiwi.com: Arzon aviabiletlar

kiwitaxi.com: Arzon aeroport transferlari

Rentalcars.com: Arzon avtomobil ijarasi

Tutu.ru: Rossiya bo’ylab avtobus, poyezd va boshqa transportlarni onlayn bron qilish

Tiqets.com: Diqqatga sazovor joylarga kirish biletini oldindan sotib olish. Buning qulay jihati shuki, sayohat kunida bilet olish uchun uzoq navbat kutib turishingizni oldini oladi.

Comment here