BlogViza

SCHENGEN VIZA. TALABLAR, HUJJATLAR VA QANDAY TAYYORLASH KERAK?

Schengen Davlatlari

Avstriya-Belgiya-Chexiya-Daniya-Estoniya-Finlandiya-Fransiya-Germaniya-Gretsiya-Vengriya-Islandiya-Italiya-Latviya-Lixtenshteyn-Litva-Luksemburg-Malta-Nederlandiya-Norvegiya-Polsha-Portugaliya-Slovakiya-Sloveniya-Ispaniya-Shvetsiya-Shvetsariya

Schengen Viza Uchun Asosiy Hujjatlar

  1. Ariza
  2. Rasm 2 ta (3.5 x 4.5)
  3. Aviachipta (rezervatsiya)
  4. Tibbiy sug’urta polisi
  5. Turar joy (rezervatsiya)
  6. Bankdan yetarli mablag’ingiz borligi to’g’risida ma’lumotnoma
  7. Ish faoliyatingizni tasdiqlovchi hujjat
  8. Davlat boji (€80 kattalar uchun, 6-12 yoshgacha €40). EUROda naqd to’lanadi va qaytarilmaydi.

6 va 7 bandlar bo’yicha elchixonalarning talablari bir-biridan farq qilishi mumkin. Shuning uchun elchixona saytidan buni yana bir tekshirib oling.

Ariza

Ariza blankalarini internetdan ham oson topasiz. Yoki elchixona web-sahifasidan ko’chirib olishingiz mumkin. Arizaning ba’zi joylarini qanday to’ldirishni yoki nima yozishni bilmasangiz, hech xavotir olmang. Elchixonada hujjatlarni topshirayotganingizda sizga bajonidil yordam berishadi. Ariza blankasini hujjat topshirayotganda to’ldirishingiz ham mumkin.

Tibbiy Sug’urta

Schengen uchun tibbiy sug’urtani aviabilet bron qilayotgan vaqtda qo’shimcha xizat sifatida osongina sotib olishingiz mumkin. Yoki O’zbekistonda faoliyat ko’rsatayotgan (masalan, Agros Hayot, Alfa Life, Kafolat, Gross Insurance va hokazo) sug’urta kompaniyalaridan olishingiz mumkin. Tibbiy sug’urta narxi kuniga o’rtacha 10 ming so’m ($1) ni tashkil qiladi.

Yodingizda tuting: schengen viza uchun sug’urtani 15 kun qo’shimchasi bilan olish talab etiladi. Bu degani, agar sayohatingiz 10 kun bo’lsa demak sug’urta polisi 25 kunga olinishi shart.

Yetarlicha Moliyaviy Mablag’ga Ega Ekanligingiz

Sayohat qilishni xohlovchilar yoki chet elga boshqa sabab bilan chiqmochi bo’lganlar uchun albatta xalqaro to’lov kartasi (Visa, Master v.h) ni ochishni tavsiya qilamiz. Bu sizga nafaqat aviachipta, turar joy va boshqa xizmatlarni onlayn bron qilish imkonini beradi, balki elchixonada sizga nisbatan ishonchni oshiradi. Hozirda ko’pgina elchixonalar uchun xalqaro to’lov kartangiz mavjudligi shart qilib qo’yilgan.

Xalqaro to’lov kartasini iloji boricha tezroq oching. Chunki deyarli barcha elchixonalar bank hisobingizni qoldig’ini emas, balki ma’lum muddat (3-6 oydan 1 yilgacha) harakati haqida bankdan ma’lumotnoma talab qiladi. Sizning hisobingizdagi doimiy harakat (kirim va chiqim) sizning to’lov qobiliyatingizga bo’lgan ishonchni oshiradi.

Hujjat topshirishdan oldin hisobingizga qo’qqisdan katta miqdorda pul tushirmang. Bu sizga nisbatan shubha uyg’otishi mumkin. Xalqaro plastik kartadan doimiy foydalanmasangiz, unda sayohat uchun mablag’ni bunday to’lov kartangizga har oy bo’lib-bo’lib tushiring.

Aviachipta

Agar aviebiletni o’zingiz onlayn bron qilsangiz, elektron pochtangizga kelgan aviabilet tasdiqlov ma’lumotlarini printerdan chiqarib olsangiz bas. Uchish kunlaringiz deyarli aniq, lekin hali aviabiletni bron qilmagan bo’lsangiz, hech qisi yo’q. O’zbekistondagi deyarli barcha aviakassadan aviabilet bronini bepul olishingiz mumkin. Shunchaki ularga qaysi kuni (va qaysi Yevropa shahriga) uchib, qaysi kuni qaytmoqchi ekanligingizni aytsangiz kifoya. Bunday bron 24 soat davomida amal qiladi, shuning uchun vizaga hujjat topshirayotgan vaqtingizda aviabilet rezervatsiyasi 24 soatdan o’tgan bo’lishi kerak emas. Bu degani aviakassaga vizaga hujjat topshirish kuni borganingiz ma’qul.

Yevropaga arzon aviabilet topdingiz, lekin sizda hali schengen viza yo’q? Biletni hozir olmasangiz, boshqa bunday arzon narxga aviabilet topa ololmasligingiz mumkin. Lekin schengen viza olasizmi yo’qmi 100% amin emassiz. Nima qilish kerak?

Maslahat: ko’pgina portallardan, shu jumladan, kiwi.com dan qo’shimcha to’lov evaziga aviabiletni “moslashuvchan” (flexible) qilib sotib olsangiz bo’ladi. Bu agar kelajakda rejalaringiz o’zgarsa, aviabilet sanasini bepul ko’chirish yoki aviabilet haqini 90% gacha qaytarib olish imkonini beradi.

Turar Joy

Elchixona uchun turar joy (hotel, apartman, hostel v.h) ning bron qilinganligi haqidagi biror ma’lumotni (masalan, elektron pochtangizdan) printerdan chiqarib olib borsangiz yetarli. Bunday bronni Booking.com, Airbnb.com kabi onlayn platformalarda amalga oshirishingiz mumkin. Turar joyni bron qilayotganda bepul bekor qilish imkoniyati borlarini tanlang. Chunki keyinchalik rejalaringiz o’zgarishi mumkinligini hisobga oling.

Ish Faoliyatingizni Tasdiqlovchi Hujjatlar

O’zbekiston fuqarolari uchun eng “byurokratik” talab, lekin afsus bajarishga majburmiz.

Ishchilar uchun:

  • Ish beruvchi bilan shartnoma yoki lavozim, staj va oylik maosh ko’rsatilgan boshqa hujjat; mehnat daftarchasi (asl nusxa),
  • Ish beruvchining safaringizga qarshi emasligi yoki sizga ta’til berilganligi to’g’risida taqdimnoma

Tadbirkorlar uchun:

  • Tadbirkorlik litsenziyasi
  • Soliq to’laganlik bo’yicha bayonotnoma (so’nggisi)

Nafaqaxo’rlar uchun:

  • Nafaqaxo’rlik guvohnomasi

Studentlar uchun:

  • Ta’lim markazidan o’qiyotganligi to’g’risida ma’lumotnoma
  • Ta’lim markazining sayohatga qarshi emasligi (ta’til) haqida ruxsatnoma
  • Studentlik guvohnomasi (agar bo’lsa)

Viza Qachon Tayyor Bo’ladi?

Schengen viza uchun ariza qonun bo’yicha 15 kun ichida ko’rib chiqiladi. Ba’zi hollarda 45 kungacha cho’zilishi mumkin. Lekin amaliyotda schengen viza ko’pincha 3-5 ish kunida tayyor bo’ladi.

Konsul Bilan Suhbat Bo’ladimi?

Juda kam holatlarda. Bundan xavotir olish kerak emas. Agar mobodo suhbatga taklif qilishsa ham, sizni bu haqida telefon orqali ogohlantirishadi. Shunchaki borayotgan mamlakat(lar)ingizda nimalar qilmoqchilingiz, qayerlarni ko’rmoqchiligingiz haqida ozgina gapirib berishingiz mumkin. Shuning uchun “google” yordamida bu mamlakatning qaysi obidalari yoki joylari sizni “maftun” etganini bilib oling. Eng asosiysi, siz dam olgani yoki sayohat uchun ketyapsiz. Xavotirga umuman o’rin yo’q.

Vizaning amal qilish muddati

Vizaning amal qilish muddati va sayohat kunlarining umumiy soni vizada ko’rsatilgan bo’ladi (masalan, 01-07-03 dan 15-07-03. Jami 15 kun). Bu degani, siz schengen zonaga eng ertasi bilan 1-iyulda va eng kechi bilan 15-iyulda kira olasiz. Lekin unutmang, schengen zonaga qachon kirishingizdan qat’iy nazar (2-iyulmi yoki 15-iyulmi) 15-iyul 24:00 ga qadar schengen zonani tark etishga majbursiz. Shuning uchun ariza topshirayotganda sayohat muddatini iloji boricha ko’proq ko’rsating. Bu sizga aviachipta va turar joylarni tanlashda moslashuvchan bo’lish imkonini beradi.

Misol: Siz Yevropa hududiga 01.07 dan sayohat qilishingiz mumkin. Sayohat davomiyligi 15 kun. Lekin Yevropaga 01.07 da emas, kechroq uchib kelsangiz ham, siz eng uzog’i 15.07 da Yevropa hududini tark etishingiz zarur.

Schengen viza turlari

  • Single entrance: schnengen zonaga bir marta kirish uchun
  • Double entrance: schengen zonaga 2x kirish uchun
  • Multiple entrance: schengen zonafa ko’p marotaba kirish uchun

Qaysi bir turini tanlash sizning xohishingiz. Ariza to’ldirish vaqtida, kerakli katakchani belgilasangiz kifoya. Agar schengen mamlakatlariga qisqa sayohat qilayotgan bo’lsangiz va sayohatingiz mobaynida schengon zonani tark etib (masalan, Angliyaga borib), yana qaytib kirish rejangiz bo’lmasa, unda sizga single entrance vizasi ham kifoya qiladi.

Comment here