BlogFoydali

DUNYO BO’YLAB TEKIN SAYOHAT QILISH MUMKINMI? – ALBATTA

Sayohat qilish uchun pul emas, avvalo xohish kerak. Chin dildan xohlaysizmi? Albatta yo’li topiladi. Faqat sizdan ko’proq jasorat, yangi bilim va tajribalarni o’rganishga ishtiyoq va o’z “komfort zona”ngizdan ozgina voz kechish talab qilinadi.

Hozirga kelib tekinga yoki juda kamxarj sayohat qilishning yo’llari juda ko’p. Ularning bir nechtasi haqida hozir sizlar bilan suhbatlashamiz.

WWOOF

facebook.com/pg/wwoofitalia/

World Wide Opportunities on Organic Farms – dunyo bo’ylab tabiiy mahsulot yetishtiruvchi fermerlar uchun ko’ngillilar topib berish dasturi. O’zingizni bir muddat Italiyadagi uzumzorlarda yoki Kosta-Rikadagi ananas fermasida ishlayotganingizni tasavvur qila olasizmi? WWOOF bepul uy-joy va yeb-ichish evaziga butun dunyo bo’ylab ko’ngilli sifatida fermalarda ishlash imkoniyatini beradi. Siz kuniga fermerga 4 yoki 6 soat yordam berasiz va qolgan vaqtni o’zingiz uchun sarflaysiz. Smenangiz tugashi bilan istaganingizcha atrofingizdagi qishloqlar va shaharlarni kashf qilishingiz mumkin.

Batafsil: wwoof.org, wwoofindependents.org, wwoofinternational.org

HelpX

helpx.com

Oziq-ovqat va turar joy evaziga siz organik fermalar, noorganik fermalar, uylar, rancholar, B&B, hotellar, kruz kemalar va yana boshqa sohalarda ko’ngilli sifatida yordam berasiz. Bunday ishlarni deyarli barcha qit’adan topasiz: Yevropa, Amerika, Avstraliya v.h.

Batafsil: helpx.net

WorkAway

elsouvenir.com

Ishlash sxemasi deyarli HelpX dan farq qilmaydi. Ko’pincha “au-pair”larga, ingliz va boshqa til o’qituvchilariga, tozalash xodimlariga, oshxona yordamchilariga va barmenlarga ehtiyoj bor. Fermer xo’jaliklari va hotellarga yordam beruvchilarga talab yuqori.

Batafsil: workaway.info

Teach English Abroad

uplivity.net

Ingliz tilini bilasizmi? Uni bepul sayohatga almashtiring. Ko’p hollarda sizdan hech qanday TOEFL sertifikati yoki ingliz tilini mukammal bilishingiz ham talab qilinmaydi. Shunchaki, oddiy so’zlashuvni eplasangiz yetarli. Yashash va oziq-ovqat va bazan tranasport harajatlaringiz ham qoplanishi mumkin. Agar, ingliz tilini mukkammal bilsangiz, yaxshigina oylik ham to’lanishi mumkin.

Batafsil: culturegogo.com, searchassociates.com, diverbo.com

Working Traveller

workingtraveller.com

Bu portal 50 dan oshiq mamlakatlarda 4000 dan oshiq mezbonlarni birlashtirgan. Mezbonlar kichik tadbirkorlar, nodavlat tashkilotlari va chet ellik oilalar hisoblanadi. Ular qidirayotgan ko’ngillilar turli sohalardan bo’lishi mumkin: fermada ishlash, o’qituvchilik qilish va hokazo.

Batafsil: workingtraveller.com

Au Pair

care.com

Au pair – asosan 18 dan 30 yoshgacha bo’lgan, oila qurmagan va ma’lum muddat chet ellik oila bilan yashamoqchi bo’lgan yoshlar. Sizdan talab qilinadigan narsa juda oddiy: mezbon oilaning bola parvarishida va uy ishlarida yordam berish. Au pair sifatida siz bepul xona va ovqat, shuningdek ma’lum miqdorda cho’ntak pulini kutishingiz mumkin. Bundan tashqari, yangi mamlakat, shaharlarni aylanasiz, yangi madaniyat, urf-odatlarni kashf qilasiz va dunyo qarashingizni kengaytirasiz. Yosh bolalar bilan ishlashni yaxshi ko’radigan sayohatchilar uchun bu ajoyib imkoniyat.

Batafsil: aupairworld.com

House Sitter yoki Pet Sitter

facebook.com/housecarers

Xoh ishoning, xoh ishonmang, butun dunyo bo’ylab uy egalari siz kabi sayohatchilarni qidirmoqdalar. Bu bepul sayohat qilishning eng yoqimli turlaridan biri. Ko’p hollarda, butun uyda bir o’zingiz yashaysiz. Oziq-ovqat ham bepul. Nega deysizmi? Ba’zi uy egalari qisqa ta’til yoki uzoqroq muddatga safar qilayotgan paytda uyni yoki uy hayvonlarini yolg’iz qoldirishni istamaydilar. Yoki bog’ yoki tirik gullarga suv quyib turish uchun ham yordamchi kerak.

Batafsil: housecarers.com, mindmyhouse.com, housesitworld.com, trustedhousesitters.com

Short-Term Volunteering

europa.eu

Ko’ngilli sifatida turli xil proyektlarda qatnashish bepul sayohat qilishning keng tarqalgan yo’lidir. Quyida sizlarga bu sohadagi eng nufuzli web-sahifalar ro’yhatini keltirib o’taman. Volunter bo’lish uchun ariza topshirishdan oldin har bir web-sahifaning qonun-qoidasi va eng ko’p berilgan savollarni (FAQ)ni o’qib chiqishni maslahat beraman.

  • Diverbo.com
  • Gooverseas.com
  • Idealist.com
  • Helpstay.com
  • Workaway.info

Cruise Ship

cruisefever.net

Agar uzoq payt dengizda qolish sizga muammo tug’dirmasa, siz uchun bu ajoyib imkoniyat. Bepul yotoqxona, oziq-ovqat, maosh va dunyo kezish kruzda ishlashning eng katta pluslari hisoblanadi. Odatda, kruzga deyarli barcha sohadan mutaxassislar kerak: farrosh, vrach, oshpaz yordamchisi, musiqachi yoki shunchaki qo’riqchi va hokazo. Tanlov imkoniyatingiz keragidan ortiq. Sizdan faqat sabr va izlanish talab qilinadi. Internetda juda ko’p ish takliflarini topasiz. Sizga maslahatim, ish beruvchini o’zingiz toping. Turli xil vositachilar xizmatidan foydalanmang. Quyida sizga bir nechta kruz uchun bo’sh o’rinlar e’lon qilinadigan web-sahifalarni keltirib o’tamiz. Bu sizga shunchaki misol uchun. Bunday platformalar internetda juda ko’p.

Batafsil: crewseekers.net, yacrew.com

Couchsurfing

couchsurfing.com

Studentlik davrimdagi eng yoqtirgan platformam. Web-sahifaga kirib, o’z profilingizni yarating. Nimalarni yaxshi ko’rishingiz yoki yomon ko’rishingiz, hobbyingiz va o’zingiz haqida batafsil yozing. Tayyormi? Endi sayohat qilayotgan mamlakatingiz yoki shahardan o’zingizda mezbon qidiring. Bir vaqtning o’zida bir nechta mezbondan mehmon bo’lishni so’rashingiz mumkin. Agar ularga sizning profilingiz yoqsa, demak siz uchun bepul turar joy tayyor degani. Dunyo bo’ylab insonlar do’st orttirish va yangi tajribalar o’rganish maqsadida, o’z uyining bo’sh turgan xonasini sayohatchilar uchun bepul ijaraga beradi. Sizning ham uyingizda shunday bo’sh karovat bormi? Albatta undan foydalaning.

Batafsil: couchsurfing.com

House Swap yoki Home Exchange

homebase-hols.com

Siz Toshkentda yashaysiz va Berlinga tashrif buyurmoqchisiz. Shu paytda Berlinda yashovchi yana kimdir Toshkentga tashrif buyurmoqchi. Nega bir-biringizga uydan bepul foydalanish imkoniyatini yaratmaysiz? Bundan ikkalangiz ham yutasiz-ku. Uyingizni yolg’iz tashlab ketmaysiz bundan tashqari sayohat qilayotgan mamlakatingizda pul sarflab hotelda emas, sizga haqiqiy mahalliy atmosferani beradigan uyda yashaysiz. Xavotir olishga hojat yo’q. Chunki bunday xizmatni uzoq yillardan beri taklif qilayotgan nufuzli web-sahifalarda siz uyingizga kelayotgan shaxs haqida to’liq ma’lumot olasiz va bundan tashqari u haqidagi qoldirilgan yuzlab izohlarni o’qishingiz mumkin.

Batafsil: homeexchange.com, lovehomeswap.com, homelink.com, homexchangevacation.com, homebase-hols.com

Hitchhiking

guidetoiceland.is

O’zbekiston kabi dunyoning ko’plab qismlarida begona avtomobilni qo’l ko’tarib to’xtatish (hitchhiking) keng tarqalgan va deyarli xavfsizdir. Hitchhiking ning universal belgisi bu yo’lning yonida siz ketayotgan tomonga turish va bosh barmog’ingizni ko’tarish hisoblanadi. Yo’lning doim avtomobilga qulay to’xtash joyida bo’ling. Agar transport vositasi yoki uning egalari sizga qandaydir salbiy belgi berishsa, unda taklifni qabul qilmang. Hitchwiki.org web-sahifasidan qaysi mamlakat yoki shaharlarda hitchhiking havfsiz ekanligi va boshqa foydali ma’lumotlarni olish mumkin.

Diaspora Youth Programs

Ba’zi mamlakatlarda chet elda yashayotgan yoki tug’ilgan millatdoshlarga (asosan, yoshlarga) ota yurtiga tashrif buyurish uchun “kimligingizni bilib oling” (Discover Your Roots) dasturlari taklif etiladi. Ko’pgina hollarda, ushbu dasturlar voyaga yetgan yoshlar uchun kelib, mahalliy mezbon oilalarda qolishlari uchun mo’ljallangan.

Masalan: Programs include: Birthright Israel, Heritage Greece, ReConnect Hungary, Birthright Macedonia, Birthright Armenia, CubaOne…

Yuqorida aytib o’tilgan birorta programmadan foydalanganmisiz? Sizda bundanda yaxshiroq takliflar bormi? O’z izohingizni qoldiring.

Eslatma: Yuqorida berilgan web-sahifalar faqatgina misol tariqasida berildi. Ulardan foydalanish yoki foydalanmaslik va ularning to’g’riligini tekshirish har bir kishining o’z shaxsiy qarori va javobgarligidir. Maqola internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Comment here