- SHUNCHAKI KO’RMANG, AKSINCHA ZAVQ OLING
Sayohatdan asosiy maqsad shunchaki tomosha qilish emas, balki zavqlanishdir. Biror mamlakatga borishdan oldin o’zingizga savol bering. Bu mamlakat nimasi bilan sizni o’ziga tortmoqda? Sizning hobbiyingiz uchun u yerda ideal sharoit bormi? Yoki milliy ovqatlari sizni jalb qiladimi? Tarixiga qiziqasizmi? Bolalikdagi orzuyingizmi? Sayohat uchun manzil tanlashda ko’ngilga albatta quloq tuting.
Agar rostdan ham sayohatingizdan zavq olmoqchi bo’lsangiz, bu mamlakatda “hamma narsani” ko’rishga ulgurmasligingiz mumkin. Buni hisobga olish kerak. Ikkinchi tomondan, rostdan ham har bir haykal yo tarixiy obida bilan rasmga tushish shartmi? Hamma narsani ko’rishga ulgurishim kerak deb asabingizni yo’qotmang. Massajga kiring, basseynda cho’miling yoki chiroyli parkda piknik uyushtiring. Sayohat bu musobaqa emas. Qisqasi, meni tushundingiz.
2. SAN’ATDAN ILHOMLANING
Qaysidir san’at asarini ko’rganingizda o’sha voqea tasvirlangan mamlakatda bo’lishni xohlaganmisiz? Kitob o’qiganingizda yoki film ko’rganingizdachi? Agar shunday bo’lsa, qo’lingizdagi turistlar uchun qo’llanmani cho’ntakka qaytarib soling va bir kunga o’sha siz ko’rgan yoki o’qigan qahramonga aylaning. O’sha ko’chalar bo’ylab aylaning, uning sevimli restoraniga kiring, u har kuni ishga ketayotib kirib o’tadigan cafeda o’tiring va kofedan bahramand bo’ling. Unutilmas atmosferadan rohatlaning va shaharning haqiqiy jozibasini kashf qiling. Bunday sayohat o’zining yoqimli surprizlari bilan ham sizning yodingizda bir umr muhrlanib qoladi.
3. UZOQROQ QOLING
Bu maslahatni ko’pchilik qabul qilishi qiyin, hatto men ham. Agar odam to’liq stavkada ishlasa, ta’til kunlari afsuski ko’p bo’lmaydi. Tabiiyki, ta’til kunlaridan maksimum foydalanishga harakat qilamiz: iloji boricha ko’proq joyga borish, ko’proq obidalar, muzeylarni ko’rish va hokazo. Bunday holat bizda ham bo’ldi. 15 kunda bir-biridan minglab kilometr uzoqdagi 4 mamlakatga safar qildik. To’g’ri, juda ko’p narsa ko’rdik, lekin nimani hisobiga? Oldindan tayyorlangan jadval bo’yicha harakat qildik, biror joyda uzoqroq vaqt to’xtolmadik. Ko’p marta och qoldik, sovuq qotdik va doimiy charchoq bizni tark etmadi. Hozir anglab yetdimki, bunday sayohat ketgan vaqtim va pulimga arzimaydi. Uzoqroq qolish ko’proq rohatlanish degani. Ko’proq e’tibor, ko’proq dam, ko’proq zavq. Stres qilmasdan ertalabki uyqudan to’yib rohatlanaman va hech qayerga shoshilmayman. Uzoqroq qolish ko’proq erkinlik degani. Menga begona ko’chalarda adashib, vaqt haqida o’ylamayman. Bundan tashqari, uzoqroq qolish qaysidir ma’noda tejamkorlik degani. Odatda, turar joyga qancha uzoq qolsam shuncha kamroq to’layman. Yana, ikkinchi joyga ko’chish uchun transportga pul sarflashim ham shart emas.
4. PIYODA YURING YOKI VELOSIPEDDA SAYR QILING
Taksi yoki avtobus o’rniga yaxshisi velosipeddan foydalaning yoki shunchaki, piyoda yuring. Qo’lingizdagi kartadan nuqtalar qidirishni bas qiling. Shunchaki, ko’zingizga yaxshi ko’ringan tomon qadam bosing. Balki shahardagi har bir binoni rasmga ololmassiz, lekin siz yodingizga bir umr muhrlanib qoladigan shaharning haqiqiy atmosferasini his qilasiz. Ko’chalarni kezganingizda, mahalliy street foodning hidini sezganingizda yoki ikki qo’shnining balkondan bir-biriga qattiq ovozda sizga yot tilda suhbatlashayotganini eshitganingizda mobil telefoningiz emas, o’zingiz zavqlanasiz. Har bir joyning jozibasi bu u yerda tug’ilib-o’sgan insonlardir.
5. MAHALLIY AHOLI BILAN TANISHING
O’zingiz uchun shunday qoida qiling: har bir mamlakatda hech bo’lmaganda bitta mahalliy inson bilan yaqindan tarnishing. U kimligining farqi yo’q: novvoyxonadagi sotuvchi qiz, dorixonadagi farmaseft, ko’cha bo’yidagi rasm chizuvchi amaki. Ularning hayoti qandayligi, qayerga borishni yoqtirishi, qaysi taomlarni tez-tez iste’mol qilishi bilan qiziqing. Agar odamlar bilan suhbatlashib ularning hayoti, nimadan xafaligi yoki aksincha nimalar ularga quvonch olib kelishini bilmasangiz, demakki siz bu mamlakatdan smarfoningizdagi rasmlarda boshqa hech narsa olmabsiz. Bundan tashqari, mahalliy aholi bilan kontakt hayotingizga siz kutmagan yangi imkoniyatlar olib kelishi mumkin. Imkon bo’lsa, turar joyni mahalliy aholi taklif qilayotgan uylardan, Airbnb, couchsurfing, housesitting va shu kabi platformalardan izlang.
6. MAHALLIY MAROSIM-TADBIRLARDA ISHTIROK ETING
Atrofingizda nimalar bo’layotgani bilan qiziqing. Mahalliy teatrga boring yoki o’sha vaqtda o’tkazilayotgan festivalda qatnashing. Bar yoki pubda jonli musiqa eshiting, mahalliy ichimliklarni ta’tib ko’ring. Sport musobaqasini tomosha qiling, mahalliy raqs yoki taom tayyorlash kursiga boring. Yangi narsalardan qo’rqmang.
7. MAMLAKATNI TAOM ORQALI O’RGANING
Butun dunyoga ma’lum food setlaridan qoching. O’sha o’lkaning haqiqiy taomlarini qidiring. Mahalliy street food marketlari yoki kichkinaroq ovqatlanish joylariga tashrif buyuring. Ingliz tilida yoki o’zingiz tushunadigan tilda menu bo’lmasa, darrov turib boshqa joy izlamang. Oshxona egasidan so’rang va maslahat oling. Sizga yoqmasligi mumkin bo’lgan taomni ta’tib ko’rishdan qo’rqmang.
8. OTANG – BOZOR, ONANG – BOZOR
An’anaviy bozorlar, asosan Osiyo mamlakatlarida, shaharning yuragi hisoblanadi. U yerda odamlar bir-biri bilan uchrashadi, suhbatlashadi, o’zlarining mahsulotlarini taklif qiladi. U yerda deyarli yo’q narsaning o’zi yo’q. Erta tongda, quyosh endi nurini sochayotgan paytda yaqin oradagi baliq bozoriga boring. Yaqin oradagi boshqa bozorlarni qidiring, ayniqsa mahalliy hunarmandlar bor joyni. Xitoyda ishlab chiqarilgan magnetiklardan ko’ra, uyga va yaqinlaringizga qandaydir autentik, o’sha o’lkaga xos bo’lgan sovg’a oling. Bu bilan siz mahalliy hunardmanlarni ham qo’llab-quvvatlaysiz.
9. KO’NGILLILAR QATORIDA BO’LING
Ko’ngilli sifatida mahalliy insonlarga yordam berish sayohatning o’zgacha – yuqoriroq darajasi. Mahalliy proyektlarga qo’shiling va insonlarga, tabiatga yordam bering. Bunday sayohat uslubi odatda ko’p mablag’ talab qilmaydi. Sababi ko’ngillilar uchun proyektlarning 99% barter metodi bo’yicha ishlaydi: sendan ugina mendan bugina. Proyektga qo’shayotgan hissangiz uchun turar joy va ovqatlanish bepul ta’minlanadi. Eng asosiysi, mamlakat va mahalliy odamlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo’lasiz.
10. OZGINAYU SOZGINA
Sayohat oldidan yoki davomida turli xil mashg’ulotlarni rejalashtirayotganingizda, “Ozginayu sozgina” qoidasiga amal qiling. Kun oxirida charchoqdan yotoqxonaga zo’rg’a kirib keladigan darajada rejalar tuzmang. Bir kunda ko’p narsaga ulgurishga harakat qilish sizni haqiqiy zavqdan mahrum qiladi. Ertasi kuni hatto nimalar qilganingiz va ko’rganingizni eslolmasligingiz ham mumkin. Muzeylarni yaxshi ko’rasizmi? Shahardagi hamma muzeylarni aylanib chiqishga harakat qilmang. Yaxshisi, bitta yoki ikkitasini tanlang va ulardan butun vujudingiz bilan zavq oling. Yana qaytaraman. Sayohat bu musobaqa emas. Oxir oqibat kimdan o’zib ketmoqchisiz? O’zingizdan?
Comment here
You must be logged in to post a comment.