BlogFoydali

AEROPORTDA KUTISH VAQTINI QANDAY O’TKAZISH KERAK? 10 MASLAHAT

Transferli (bir samolyotdan ikkinchiga o’tish) parvozlar to’g’ridan-to’g’ri parvozlardan ko’ra arzonroq bo’lishi hammaga ma’lum. Lekin ko’pchiligimiz qimmat bo’lsa-da to’g’ridan-to’g’ri parvozlarni tanlaymiz. Sababi oddiy: manzilga tezroq borishni xohlaymiz va aeroportlarda keyingi parvozni kutish biz uchun juda zerikarli mashg’ulot. Doim ham shundaymi? Yo’q. Quyida sizga kutish vaqtini qanday qilib qiziqarli va yoqimli taassurotlarga aylantirish mumkinligi haqida bir nechta tavsiyalar berib o’tamiz:

Aeroportdan chiqing

Aeroportdan chiqing va to’xtab o’tayotgan shahringizni qisqa bo’lsa-da sayr qiling: shahar markaziga boring, restoranda ularning milliy taomi va ichimligidan bahramand bo’ling va hokazo. Internet orqali yoki aeroportdagi informatsiya markazidan shaharga qanday transportlar qatnashini bilib oling (narxi, yo’l uchun vaqt). Muhimi, keyingi parvozingizdan minimum 2.5 soat oldin yana aeroportda bo’lishingiz. Shuni bilingki, samolyotingiz kech uchsa uchadiki, lekin erta uchmaydi. Esingizdan chiqarmang: deyarli barcha aeroportlarda chamadon yoki boshqa buyumlaringizni saqlash xonalari (камеры хранения) mavjud. O’zingizdan ortiqcha yukni holi qiling va qulay sayohat qiling.

Masalan, Nur-Sulton aeroportidan shaharga borib kelish uchun eng qulayi – taksi. Yo’l haqi o’rtacha $5-6. Agar Yandex Taxi mobil ilovangiz bo’lsa, bu narx ikki barobar arzonlashadi. Avtobuslar ham arzon, qulay va kutish vaqti uzoq emas.

Budapesht aeroportidan shaharga taksi yoki avtobus orqali borishingiz mumkin. Taksi haqi o’rtacha $25-30. Agar Bolt mobil ilovasi (Yevropada eng mashhur taksi ilovasi) ni o’rnatib olsangiz, taksi haqi 2-3 barobar arzonroq tushadi. Avtobuslar har 10-15 daqiqada yo’lga chiqadi. Bilet €3.

budapestcitytour.com

Uxlab oling

Yo’ldan charchadingizmi yoki keyingi uzoq parvoz oldidan biroz mizg’ib olmoqchimisiz? Buning uchun aeroport hududida joylashgan yoki aeroportga yaqin bo’lgan biror hotelni bron qilishingiz mumkin. Booking.com qidiruv paneliga aeroport nomini yozing va shundan so’ng, o’zingizga mos turar joyni osongina bron qiling. Bundan tashqari, hozirgi kunda ko’pgina aeroportlarda uxlash uchun maxsus kapsula xonalarni ijaraga olishingiz mumkin. Bu kamxarj sayyohlar uchun juda mos. Kapsula xonalar ichida ko’rpa-yostiq, narsalaringizni saqlash uchun joy va eng kerakli barcha sharoitlar mavjud, alohida dush qabul qilish xonalari ham. Bunday kapsulalarni minimum 4 soatgacha ijaraga olishingiz mumkin. Eslatma: uxlashdan avval albatta budilnik qo’yishni unutmang!

Masalan, Nur-Sulton aeroporti atrofidan turar joyni 2 kishi uchun $19 dan, Budapesht aeroporti yaqinidan esa $26 dan bron qilish mumkin

worldairports.com

Aeroport zali (airport lounge)

Deyarli barcha aeroportlarda yo’lovchilar uchun maxsus komfort zallarni topasiz. Albatta u yerga kirish uchun qo’shimcha haq to’lashingiz kerak. Lekin aeroportdagi shovqindan holi, qulay divanda dam olishga nima yetsin. Bundan tashqari, bunday zallarda alohida bar, restoran, bepul internet, yuvinish xonasi, privat xonalar, bolalar uchun xonalar kabi qulayliklar mavjud. Masalan, Premium Mastercard egalari dunyo bo’ylab 1000 dan ortiq aeroport zallariga bepul kirishi mumkin. Qaysi aeroportlarda va qaysi terminallarda bunday zallar borligini loungebuddy.com portali orqali yoki aeroport informatsiya markazidan bilib olasiz.

singapurairport.com

Fitnes

Ko’pgina aeroportlarda yoga yoki fitnes bilan shug’ullanish uchun maxsus xonalar mavjud. Bu siz uchun ham foydali, ham vaqtingizni maroqli o’tkazish yo’li. Buning ustiga mashqdan so’ng, yoqimli dush qabul qilsangiz barcha charchoqlaringiz tarqalib ketishi aniq. Faqat uydan sport bilan shug’ullanish uchun qulay kiyim olishni unutmang.

airportoblq.com

O’yin o’ynang

Agar sayohatga yolg’iz chiqmayotgan bo’lsangiz, unda yo’lga turli xil o’zingiz yoqtirgan o’yinlar olvoling (karta, shaxmat v.h). Telefoningizdagi o’yinlar hisobga o’tmaydi. Undan faqat ko’zingiz toliqadi, xolos.

travelbyplane.com

Restoran va barlarni aylaning

Aeroport taomlari mazasi bilan mashhur bo’lmasa-da, qulay divan, bepul internet yoki yozning issiq kunida muzdek pivo bilan vaqt o’tkazish uchun mos joy. Aeroportning qattiq skameykasida, shovqinda o’tirishdan ko’ra, qulay sharoitli bar yoki restoran toping-da, hech bo’lmasa, biror arzon ichimlik yoki yemak buyuring va komfortda vaqt o’tkazing.

bestairportbars.com

Kitob o’qing

O’qishni sevuvchilar qatoriga kirsangiz, yo’lga albatta kitob olishni unutmang. Aeroportdami, samolyotdami vaqtni tez va mazmunli o’tishiga yordam beradi. Kitob olishni unutibsizmi? Hech qisi yo’q. Aeroportda kitob magazinini qidirib ko’ring.

howtospendtime.com

Eski do’stlarni eslang

Mana sizga imkoniyat, mana sizga bir dunyo bo’sh vaqt. Uzoq vaqt eslashga imkoningiz bo’lmagan eski qadrdonlarga hol-axvol so’rab sms yozing yoki shunchaki telefon qiling. Bir o’q bilan ikki quyonni urasiz: ham vaqt o’tadi, ham tanishlaringizni xursand qilasiz.

mastercardairportlounge.com

Aeroportni aylaning

Aeroport faqat uchish-qo’nish joyi bo’lgan vaqtlar allaqachon o’tib ketgan. Hozirgi zamonaviy aeroportlarda deyarli yo’q narsaning o’zi yo’q. Masalan, kinoteatr, go’zallik saloni, sartaroshxona, basseyn va hokazo va hokazo. Rukzakni orqaga ilingda, aeroportni bir boshidan kashf qiling.

airportentertaining.com

Shopping

Aeroport huddi savdo markazi kabi: oziq-ovqat, kiyim-kechak, million xil suvenir deysizmi barcha barchasini topishingiz mumkin. Aeroportdagi mahsulotlar odatda ko’chadagidan ko’ra biroz qimmat bo’lsa-da, u yerda ham mavsumiy chegirmalar mavjud, ayniqsa, soliqsiz (tax-free) xaridlar sizga juda qo’l kelishi mumkin.

airportdiscountshopping.com

Siz yana nima maslahat bergan bo’lardingiz?

Comment here