Xitoyning dunyoda birinchilar qatorida bo’lish sababi faqat uning aholi soni va iqtisodi emas. Dunyoning biror bir boshqa mamlakatida Xitoydagi kabi ko’p madaniy va tarixiy boyliklar, tabiat mo’jizalari, gastronomik turfa-xillikni uchratmaysiz. Har qadamda zamonaviy texnologiyalar, osmono’par binolardan tortib, bepoyon tog’lar va yovvoyi tabiatga ulanib ketgan Xitoy sayyohlar uchun cheksiz taassurotlar mamlakatidir.
Arzon Aviabiletlar
✈ O’zbekiston aeroportlaridan borish-kelish aviabiletlari ❤️
✈ O’zbekiston chegarasiga yaqin qo’shni aeroportlardan ❤️
Viza
O’zbekiston fuqarosi Xitoyga viza bilan boradi. Xitoyga mustaqil viza tayyorlash bo’yicha qo’llanma ham tayyorlaganmiz.
Pul
Xitoy milliy pul birligi Yuan (Yuan Renminbi). Katta shaharlarda xalqaro to’lov kartalari (Visa, Master) dan foydalanish, bankomatlardan pul yechib olish muammo bo’lmasa-da, yoningizda doim yetarlicha naqd pul olib yurish tavsiya etiladi. Pul almashtirish shoxobchalarini aeroportlardan va shahar markazlaridan topasiz. Hozirda 1 dollar taxminan 7 yuanga teng. Amaldagi kursni xe.com portalidan tekshirib olishingiz mumkin.
Aeroport Transferi
PEKIN AEROPORTI (PEK)
Express Poyezd: bilet narxi $3.5. Shahar vokzalidan metro yoki taksi orqali hotelga yetib olasiz.
Taksi: hotelga yetib olish uchun eng qulay va tez transport. Taksini oldindan bron qiling. Taksi qidirib vaqt yo’qotmaysiz va ehtimoliy firibgarlikni oldini olasiz.
Mashina ijarasi: agar siz Xitoyning haydovchilik guvoxnomasiga ega bo’lmasangiz, mashina ijaraga ololmaysiz.
Turar Joy (1 kecha, 2 kishi)
PEKIN $18 DAN
HOTELLAR $25 DAN
Transport
SHAHAR ICHIDA
Pekin, Shanxay, Guanjou, Sian, Chengdu kabi Xitoyning ko’plab shaharlarida arzon va qulay metro tizimlari mavjud. Sayohatingiz davomida jamoat transportlaridan ko’proq foydalanmoqchi bo’lsangiz, shaharning maxsus transport kartasini sotib oling (taxminan $3). Bunday kartalarni aeroportda, metro va ba’zi avtobus bekatlarida joylashgan chipta ofislaridan topasiz. Chipta ofislarida karta hisobini to’ldirasiz va har safar chiptani karta orqali sotib olasiz. Bu chiptani naqd pulga sotib olishdan ko’ra arzonroq va ishlatish qulaydir. Masalan, Pekinda bunday karta Yikatong deb ataladi va bir martalik chipta masofaga qarab $0.40 atrofida turadi. Xitoyda taksilar arzon. Masalan, poytaxt Pekinda birinchi 3km taxminan $1.8 va har bir qo’shimcha km uchun $0.32. Barcha shaharlarda taksometr bilan jihozlangan taksilardangina foydalanishni tavsiya qilamiz. Agar mahalliy sim karta sotib olsangiz, Xitoyda mashhur bo’lgan Didi taksi ilovasidan ham foydalanishingiz mumkin. 3 oyoqli velosiped taksi (sanlunche) lar ham ko’p uchraydi. Ular bilan narxni oldindan kelishib olishingiz kerak. Narx deyarli klassik taksi bilan bir xil. Ularning qulayligi yo’l tirbandligiga qaramay sizni manzilga tezroq yetkazib qo’yishidir. So’ngi yillarda Xitoy shaharlarini velopised yoki skuterda aylanish ham ommalashdi. Sababi, ularni ko’chalarda joylashgan stansiyalardan mobil ilovalar orqali oson ijaraga olasiz (masalan, Mobike, OFO).
SHAHARLARARO
Shaharlaro sayohatda Xitoy tez yurar poyezdlari va samolyotlar eng yaxshi variantlardir. Masalan, 1000km ko’proq masofada joylashgan va turistlar orasida mashhur bo’lgan Shanxay va Sian shahriga Pekindan tez yurar poyezdlar orqali atigi 4-6 soatda yetishasiz. Chipta narxi taxminan $75. Poyezdlar uchun chiptalarni oldindan bron qilishingiz mumkin. Manzilga yanada tez va qulay yetib olishni istasangiz, mamlakatning har bir shahriga doimiy aviaqatnovlarni topasiz.
Yeb-ichish xarajatlari
Nonushta uchun 3-20 yuan ($0.5-3), tushlik va kechki ovqat uchun 20-80 yuan ($3-12.5) atrofida sarflaysiz. Albatta, narxlar shahar, restoran va nima iste’mol qilishingizga qarab o’zgarishi mumkin. Eng arzon mineral suv (500ml) 2 yuan turadi. Shu hajmdagi Coca-cola esa 4 yuan. Pivo odatda 10 yuandan qimmat bo’lmaydi. Numbeo.com portalidan boshqa turdagi xarajatlarni ham tekshirib olishingiz mumkin.
DIQQATGA SAZOVOR JOYLAR
Pekin
Pekin Xitoyning siyosiy, madaniy va iqtisodiy markazi. Uch ming yillik tarixga ega bo’lgan ulug’vor shahar. So’nggi 8 asrdan beri Xitoyning poytaxti vazifasini o’tab kelmoqda. Shuning uchun asosiy yodgorliklar, me’morchilik durdonalari va madaniy boyliklar Pekin hududida joyashgan.
Forbidden City – dunyodagi eng yirik saroy komplekslaridan biri. 600 yildan ko’proq vaqt davomida Ming va Qing sulolalari uchun imperatorlik saroyi bo’lgan.
Great Wall – Xitoyning eng mashhur diqqatga sazovor joyi. Shahardan atigi 50 km narida joylashgan.
Summer Palace – Qing imperatorlik oilasi uchun qurilgan yozgi dam olish maskani.
Temple of Heaven – Pekindagi Xitoy madaniyatini tamsil qiluvchi qadimiy ibodatxona. Shu bilan birga, ibodatxona atrofi sayr qilish va xordiq chiqarish uchun ham qulay joy.
Beijing Hutong – shaharning tarixiy rivojlanishi va madaniy o’zgarishini namoyish etadigan xiyobonlar kompleksi.
Tiananmen Square – shaharning yuragi va dunyodagi eng katta markaziy plazadir. U yer muhim milliy tadbirlar o’tkaziladigan joy sifatida tanilgan.
Panjiayuan Antique Market – Pekinning eng katta ochiq antikvariat bozori. Suvenir sotib olish uchun juda yaxshi joy.
Xitoy street foodlaridan bahra olmoqchi bo’lsangiz, quyosh botgandan so’ng Wangfujing ko’chasiga tashrif buyuring.
Do’konlar, restoranlar, barlar, klublar, ko’ngil ochar markazlar bilan to’la gavjum maskan.
Shanghai
Shanxay Xitoyning eng katta va eng boy shahri. Sharq va G’arbning ajoyib aralashmasi bo’lgan Shanxay Sharq Pariji sifatida ham ta’riflanadi. Xitoyga tashrif buyuruvchilar uchun Shanxay albatta ko’rish kerak bo’lgan shahardir. 1842-yilgi Birinchi Afyun Urushidan so’ng, kichkina baliqchilar qishlog’i ajoyib rivojlanish bosqichidan o’tdi va katta metropolisga aylandi. Diqqatga sazovor joylar:
Wai Tan – Xalqaro Binolar Ko’rgazmasi nomi bilan tanilgan Bund dahasi Xuangpu daryosining g’arbiy sohilida joylashgan. Tarixiy va zamonaviy arxitekturaning ajoyib asarlarini o’zida birlashtirgan joy.
Yu Garden – 400 yillik tarixga ega bog’da nafis xitoy uslubi va madaniyatini mujassamlashtirgan manzaradan bahra olasiz.
SHANXAY XALQARO MOLIYA MARKAZI
Shanghai World Financial Center – Xitoyning uchinchi va dunyoning beshinchi eng baland binosi. Bino tomidan Shanxayning butun go’zalligini kuzatishingiz mumkin.
Shanghai Disney Resort – Dunyodagi oltinchi bo’lib qurilgan Disneylend. Kuningizni ko’ngil ochar mashg’ulotlar bilan o’tkazish uchun ajoyib joy.
Nanjing Road – do’konlar, restoranlar, klublar bilan to’la gavjum ko’cha.
Zhujiajiao Ancient Town – Shanxay Venetsiyasi sifatida tanilgan 1700 yillik shahar. Eski ko’priklar, eski ko’chalar, Ming sulolasi me’morchiligi, qadimgi Buddist ibodatxonalari joylashgan. Bu yerda kun bo’yi sayr qilsangiz ham vaqt qanday o’tganini bilmay qolasiz.
Shanxayda turar joylar $20 dan
Tez yurar poyezd Pekin – Shanxay $77 dan
Samolyot Pekin – Shanxay $40 dan
Sian
Xitoyning markazida joylashgan Sian Afina, Rim va Qohira bilan birgalikda tarixdagi eng muhim to’rtta qadimiy poytaxtdan biri hisoblanadi. Sian miloddan avvalgi 11-asrdan milodiy 10-asrgacha 13 ta sulolaga poytaxt vazifasini o’tadi. Shu sabab, 1981-yilda UNESCO Sianni Jahon Tarixiy va Madaniy Shahri sifatida ro’yxatga kiritdi. Sian sayyohlar uchun noyob yodgorliklarga boy shahar. Dunyoga mashhur Terracotta Jangchilari va Otlari vatani va Xitoyni G’arbiy dunyo bilan bo’glagan Buyuk Ipak Yo’lining boshlang’ich nuqtasi aynan shu yerdir. Qadimiy Xitoyni o’rganish va tasavvur qilish uchun ideal joy. Diqqatga sazovor joylari:
TERRACOTTA JANGCHILARI VA OTLARI
Terracotta Warriors and Horses – ko’plar bu mavzoleyni dunyoning sakkizinchi mo’jizasi deb ham atashadi. 1974-yilda kashf etilgan bu noyob yodgorlik XX asrning eng katta arxeologik topilmalaridan biridir.
Mount Huashan – Xitoyning eng ahamiyatli 5 Tog’laridan biri. Aytishlaricha, bu yer Xitoy sivilizatsiyasi o’chog’i bo’lgan. Go’zal manzaraga boy bo’lgan bu tog’ adrenalin ishqibozlarining ham sevimli maskani.
Ancient City Wall – Asrlar davomida juda yaxshi saqlanib qolgan shahar devori qadimgi Xitoy xalqining muhandislik va qurilish mahoratining ajoyib dalilidir. Devor bo’ylab velosipedda sayrga chiqing va Sianning panoramik manzarasidan zavq oling.
Giant Wild Goose Pagoda – 1300 yil avval qurilgan juda mashhur qadimiy pagoda (ibodatxona). Buyuk Ipak Yo’lidagi ajoyib arxitektura durdonasi.
Muslim Quarter – shahar markazida joylashgan Musulmon dahasida mazali sian taomlarini, street foodlarni, chiroyli masjidlarni, qadimiy ko’chalarni topasiz.
QO’NG’IROQ VA BARABAN MINORALARI
Bell Tower & Drum Tower – 600 yil oldin qurilgan bu minoralar Sian shahrining ramzi hisoblanadi.
Tang Paradise Park – Tang sulolasi qirollik saroylarining asl manzarasini aks ettiruvchi ulkan tematik park. Turli xil qadimiy uslubdagi binolar, yoqimli bog’ manzarasi va lazerli oqshom namoyishlari mehmonlar ko’z oldida gullab-yashnagan Tang sulolasi hayotini gavdalantiradi.
Sianda turar joy $9 dan
Tez yurar poyezd Pekin – Sian $72 dan
Samolyot Pekin – Sian $70 dan
Qachon borgan ma’qul?
Bahor va kuz fasli Xitoyda sayohat qilish uchun eng yaxshi payt. Havo iliq va quruq bo’ladi. Tavsiyamiz, sayohatingizni Xitoy milliy bayramlari kunlariga rejalashtirmang. Ko’p joylar yopiq va transport uchun chiptalar ancha qimmat bo’lishi mumkin.
FOYDALI LINKLAR
Google Maps (Google Карты): smartfoningizdagi ushbu bepul yordamchi sayohatingiz davomida sizga juda as qotadi. U nafaqat sizni shahardagi diqqatga sazovor joylar, restoranlar, supermarketlar va boshqa eng kerakli joylarga osongina olib boradi, balki ular haqida yuzlab sayohatchilar tomonidan qoldirilgan izohlar va baholar bilan sizga bu joylar haqida ko’proq ma’lumot ulashadi. Masala, biror restoranga borishdan oldin uning menusi va taom narxlarini tekshirib olishingiz ham mumkin.
Google Translate (Google Переводчик): Chet tilini bilmaslik sayohat qilishga to’sqinlik qilmasligi kerak. Masalan, yiliga 100 milliondan ortiq xitoyliklar dunyo bo’ylab sayohatga chiqadi va ularning deyarli 99% hech qanday chet tilida so’zlashmaydi. Sayohat davomida imo-ishora va qo’l harakati sizni tushunishlari uchun deyarli kifoya qiladi. To’laqonli muloqot qilmoqchimisiz? Muammosiz. Google Translate ilovasini o’rnatib oling va o’zbekcha gaplarni dunyoning istalgan tiliga o’giring yoki aksincha.
Kiwi.com: Arzon aviabiletlar
trip.com: Poyezdga biletlar
kiwitaxi.com: Arzon aeroport transferi
Comment here
You must be logged in to post a comment.