Istanbul – g’arb va sharq tutashgan nuqta. O’zining 2.5 ming yildan ortiq hayoti davomida bir nechta imperiyalarning asosiy markazi rolini o’ynadi. Masjidlar, cherkovlar va sinagoglar asrlar davomida yonma-yon yashab kelayotgan nodir shaharlardan biri. Bu shaharning jozibadorligi haqida o’zbeklarga ko’p gapirishning hojati yo’q. Istanbul biz uchun filmlardan, kitoblardan va u yerda bo’lib qaytgan yaqin do’stlarimizdan yaxshi tanish. Shunday bo’lsada, sayohatingizni unutilmas taassurotlarga boy bo’lishi uchun foydali ma’lumotlarni siz bilan ulashamiz.
Arzon Aviabiletlar
✈ O’zbekiston aeroportlaridan borish-kelish aviabiletlari ❤️
✈ O’zbekiston chegarasiga yaqin qo’shni aeroportlardan ❤️
Aeroport Transferi
ISTANBUL AEROPORTI (IST)
Avtobus: aeroport shahar markazida taxminan 45km uzoqlikda. Aeroportdan 2 ta xususiy avtobus kompaniyalari 24/7 qatnovlarni amalga oshiradi: IETT Public Buses va HAVAIST Airport Shuttles/Buses. Chiptalar faqat to’lov kartasi yoki IstanbulKart orqali to’lanadi. Chipta narxi yo’nalishga qarab 7 TRY dan 30 TRY gacha.
Taksi: taxminan $40-50 atrofida. Taksini oldindan bron qiling. Vaqtingizni tejaysiz va ehtimoliy firibgarlikni oldini olasiz. Bundan tashqari, ishonchli xizmat, arzon narx, bronni istagan payt bekor qilish, karta yoki naqdda to’lash kabi imkoniyatlarga ega bo’lasiz.
Mashina ijarasi: o’rtacha $19 dan. Oldindan bron qilishni unutmang.
SABIHA GOKCEN AEROPORTI (SAW)
Avtobus: aeroport shahardan taxminan 45km uzoqlikda. Afsuski, shahar markaziga to’g’ridan-to’g’ri avtobuslar mavjud emas. Shuning uchun, jamoat transportlari orqali bir nechta tranzit qilishingizga to’g’ri keladi. Masalan, HAVABUS Airport Shuttle orqali Kadikoy bekatigacha (1 soat) > Public Ferry (Jamoat paromi) bilan Eminonu bekatigacha (30 daqiqa) > so’ng, tramvayda Sultanahmetgacha (15 daqiqa). Yana bir muqobil variant, HAVABUS Airport Shuttle bilan Taksim bekatigacha (1,5 soat) > Funicular (trolleybus) orqali Kabatas bekatigacha (5 daqiqa) > so’ngra tramvayda Sultanahmetgacha(25 daqiqa). Avtobuslar har yarim soatda harakatlanadi (ish vaqti 04:00 – 01:00). To’lov faqat IstanbulKart orqali qilinadi.
Taksi: o’rtacha $40-50. Taksini oldindan bron qiling. Vaqtingizni tejaysiz va ehtimoliy firibgarlikni oldini olasiz. Bundan tashqari, ishonchli xizmat, arzon narx, bronni istagan payt bekor qilish, karta yoki naqdda to’lash kabi imkoniyatlarga ega bo’lasiz.
Mashina ijarasi: o’rtacha $19 dan. Oldindan bron qilishni unutmang.
Turar Joy (1 kecha, 2 kishi)
ISTANBUL $12 DAN
HOTELLAR $13 DAN
Transport
IstanbulKart: bu Istanbul jamoat transportlari (avtobuslar, metro, tramvaylar, paromlar) dan foydalanish uchun “проездной” (ko’p martalik bilet). Sayohatchilar IstanbulKartni aeroportlardan sotib olishi yoki karta o’rniga “IstanbulKart” mobil ilovasidan foydalanishi ham mumkin. Karta hisobini oldindan to’ldirasiz (bekatlarda, kioskalarda yoki mobil ilova orqali) va faqat jamoat transportidan foydalansangizgina karta hisobidan chipta narxi yechib olinadi. Bir marta jamoat transportidan foydalanishi 3.5 turk lirasi (TRY) ga teng. Kartadan foydalanish juda oddiy, transportga chiqqaningizdan so’ng, avtomatga tekkizsangiz kifoya. Agar siz guruh bo’lsangiz, faqat bitta IstanbulKart dan foydalanishingiz kifoya. Lekin yo’l to’lovi har bir kishiga to’lanishi shart. Istanbulda jamoat transporti 24/7 ishlaydi va soat 00:30 dan 5:00 gacha chipta narxi 2x qimmat.
Taksi: minimalka 5 lira ($0.80) va har bir km uchun 3.1 lira. Haydovchidan doim taksometrni yoqishni so’rang.
Mashina ijarasi: o’rtacha $19 dan. Oldindan bron qilishni unutmang.
Pul
Istanbulda xalqaro to’lov kartalari deyarli barcha joyda amal qiladi (albatta, terminal bor joyda). Pul almashtirish shoxobchalarini shahar markazidan va barcha aeroportlardan muammosiz topasiz. Amaldagi kurzni xe.com da tekshirib olishingiz mumkin. Hozirda, 1 dollar o’rtacha 6 turk lirasini tashkil qilmoqda.
Yeb-ichish xarajatlari
Qimmat bo’lmagan restoranda tushlik o’rtacha 20-25 TL ($3.5) ga tushadi. Numbeo.com web-sahifasidan boshqa yashash xarajatlarini ham tekshirib olishingiz mumkin.
ENG DIQQATGA SAZOVOR JOYLAR
Turistlarning eng sevimli joylaridan biri. Dunyodagi eng katta va eng qadimgi yopiq bozor komplekslaridan biri. Bu Istanbulning “jondan boshqa hamma narsa” topiladigan joyi. Bu yerda siz oziq-ovqat, ziravorlar, gilamlar, kiyim-kechak, poyabzal, sumkalar, lampalar, suvenirlardan tortib oltin va kumushlargacha barchasini topasiz. Faqat, mahkamroq bo’ling. Ba’zi savdogarlar sizga asal ariday yopishib, shirin gaplar bilan o’z mahsulotini o’tkazishga harakat qilishi mumkin. Agar biror narsa sotib olishni xohlamasangiz, shunchaki do’konlar oldida ko’p to’xtamang. Ammo sizga biron bir narsa yoqib qolsa va sotib olishni xohlasangiz, albatta savdolashing. Har holda, bunday tajriba biz uchun yangilik emas.
Usmonli imperiyasi sultonlarining rasmiy qarorgohi bo’lgan majmua. Ko’pchilik sayyohlar uchun eng katta diqqatga sazovor joy bu qasrning haram (harem) istiqomat qilgan qismi. Turk tarixiy filmarida voqealar eng ko’p sodir bo’ladigan saroy va atmosferani o’z ko’zingiz bilan ko’rishga nima yetsin. Saroy majmuasida 5000 dan ortiq kishi yashagan. Bu haqiqatan ham ulkan majmua va saroyning ko’p qismi turistlar uchun yopiq bo’lishiga qaramasdan, siz unga kamida 1.5-2 soat vaqt ajratishingizga to’g’ri keladi. Saroyni kezish vaqtida turk tarixiy seriallarida guvohi bo’lgan sahnalaringiz bir-bir oldingizda gavdalanadi: sulton qabulxonasi, bog’lar, haram joylashgan xonalar v.h. Topkapi saroyida bo’lsangiz, saroyning 4-xovlisiga o’tishni unutmang. U yerdan Istanbulning ajoyib manzarasini guvohi bo’lasiz.
Muzey o’zining ichki ko’rinishi bilan ham sizni hayratda qoldiradi. Qizig’i shundaki, bir davrlar dunyodagi eng katta xristian ibodatxonasi keyinchalik masjidga aylantiriladi va hozirda u muzey sifatida xizmat qilmoqda. Ibodatxona 500 yildan beri Istanbulning asosiy masjidi hisoblanadi. Qurilishda eng sifatli marmar, oltin va kumush ishlatilgan. Uning gumbazi Vatikandagi Muqaddas Pyotr ibodatxonasi qurilmaguncha eng katta gumbaz hisoblangan. Interier o’zining go’zal mozaikalari bilan sizni haqiqatda shok holatiga tushiradi. Shunchaki tariflashga so’z topolmaysiz.
RAQS TOMOSHASI – HOJA PASHA MADANIYAT UYI
Rythm of Dance klubi tomonidan sahnalashtirilgan professional raqs namoyishidan bir dunyo taassurot olasiz. 1 soat davom etadigan bu shou sizga Istanbulni umuman boshqa tomondan kashf qilish imkoniyatini beradi.
Sulton Ahmet nomi bilan ham tanilgan bu go’zal bino butun Turkiyadagi eng muhtasham Usmonli masjidlaridan biridir. Ko’k masjid XVII asr boshida Sulton Ahmad I tomonidan qurdirilgan bo’lib, maqsad Sultonahmet maydonining qarshisida joylashgan Aya Sofia ibodatxonasiga kattalik bo’yicha bas kela oladigan masjid barpo etish bo’lgan. Masjidga kirishdan oldin sizga ustingizga “plasht” berishadi (bepul) va masjid ichida oyoq kiyimingizni yechib selofan paketda olib yurasiz.
KECHKI SAYR
Istanbul haqida aytishim mumkinki, bu shahar hech qachon uxlamaydi. Restoran va barlar erta tongacha ochiq. Ularning son-sanog’i bo’lmasa ham, deyarli barchasida odamalr to’la. Istanbulda tun-u kun o’zingizni xavfsiz sezasiz. Oddiy odamlar muloyim va sayyohlarga iloji boricha yordam berishga harakat qiladilar. Istanbul ularda yaxshi taassurot qoldirishini xohlashadi. Xullas, Istanbul ko’chalarida kechki sayrni o’tkazib yubormang.
Agar siz Istanbulning go’zal manzarasini yuqoridan ko’rishni istasangiz, albatta Galata minorasiga chiqing. Shaharni suratga olish uchun ham ajoyib joy. Haqiqatda, shaharning va ikki qit’ani bog’lab turuvchi Istanbul bo’g’ozining chiroyli manzarasini guvohi bo’lasiz.
QAYIQDA SAYR
Bo’g’oz bo’ylab qayiqda yoki kruzda sayr bir tomondan sizga Istanbulning go’zal manzaralaridan bahramand bo’lish imkoniyatini bersa, ikkinchi tomondan kun bo’yi yurib charchagan oyoqlaringizga dam berish, dengiz ustida yoqimli xordiq chiqarishga yordam beradi. 32 kmga cho’zilgan Bo’g’oz bo’ylab sayohatda siz Istanbulning tarixiy obidalari va boshqa diqqatga sazovor joylarini boshqa tomondan kashf qilasiz. Bunday qayiq va kruzlarni Istanbul sohillari bo’ylab sayr qilayotganingzda ko’p uchratasiz. 1 soatlik qayiqda sayr maksimum $9-10 va kruzda esa kechki ovqat bilan o’rtacha $25 atrofida bo’lishi kerak. Bundan qimmat taklif qilishsa, demak qidirishda davom eting. Agar sizda IstanbulKart bo’lsa, unda jamoat paromlarida ham suzishingiz mumkin (narxi 7 TRY). Buning uchun siz o’zingizga yaqin biror parom to’xtash bekatini topishingiz zarur.
Istanbul tarixida ichimlik suvining yetishmovchiligi jiddiy muammo bo’lgan. Shu sababli, suvni saqlash uchun shaharda yuzlab yoki minglab sardobalar qurilgan. Aya Sofia muzeyiga yaqin joylashgan Yerebatan sardobasi shahardagi eng kattasi hisoblanadi. Uni turklarning o’zi “cho’kib ketgan qar” ham deb atashadi. Bahaybat ustunlar qorong’u yer to’lani biroz yoritib turgan chiroqlar bilan birga sehrli atmosferani hosil qiladi. 1400 yil avval qurilgan ushbu sardobani barpo etishda 7 mingdan oshiq qullar ishlagan. Meduza boshida turgan ikkita ustun barcha kelganlar uchun katta qiziqish uyg’otadi.
KILYOS PLYAJLARI
Istanbul faqat tarixiy obidalar shahri deb o’ylasangiz, adashasiz. Ikki dengiz orasida joylashgan bu shahar sohilda dam olishni sevuvchilar uchun ham betakror plyajlar taklif qila oladi. Sayohatchilar uchun eng yaxshi plyajlarni Qora dengiz bo’yida joylashgan Kilyos regionidan topasiz. Istanbuldan taxminan 30-40km uzoqlikda joylashgan bu sohillarga jamoat transportlarida ham yetib olasiz. Quyida eng yaxshi reytingga ega bo’lgan ba’zi plyajlar haqida ma’lumotlarni bilib olasiz:
Solar Beach Therapy. Sultanahmetdan 38km. Kirish haqi: hafta kunlari 40 TRY, dam olish kunlari 80 TRY. Haci Osman Metro stansiyasidan 151-avtobus.
Burch Beach. Sultanahmetdan 39km. Kirish haqi: hafta kunlari 50 TRY, dam olish kunlari 80 TRY. Haci Osman Metro stansiyasidan 151-avtobus.
Uzunya Beach. Sultanahmetdan 38km. Kirish haqi: hafta kunlari 40 TRY, dam olish kunlari 60 TRY. Haci Osman Metro stansiyasidan 151-avtobus.
Qachon borgan ma’qul?
Istanbulda O’zbekistondagi kabi qattiq qish bo’lmaydi. Eng sovuq oy yanvarda ham havo harorati kunduzi 8°C va kechasi 3°C gacha tushishi mumkin, xolos. Yoz oylarida harorat 28°C gacha ko’tariladi. Agar dengizda cho’milish siz uchun prioritet bo’lmasa, yilning istalgan payti Istanbulni aylanish uchun qulaydir.
Istanbulda bo’lganmisiz? Yana qayerga borishni yoki nimalar qilishni tavsiya qilardingiz? Fikrlaringiz yoki rasmlaringiz bo’lsa, izohlarda biz bilan ulashing.
FOYDALI LINKLAR
Google Maps (Google Карты): smartfoningizdagi ushbu bepul yordamchi sayohatingiz davomida sizga juda as qotadi. U nafaqat sizni shahardagi diqqatga sazovor joylar, restoranlar, supermarketlar va boshqa eng kerakli joylarga osongina olib boradi, balki ular haqida yuzlab sayohatchilar tomonidan qoldirilgan izohlar va baholar bilan sizga bu joylar haqida ko’proq ma’lumot ulashadi. Masala, biror restoranga borishdan oldin uning menusi va taom narxlarini tekshirib olishingiz ham mumkin.
Google Translate (Google Переводчик): Chet tilini bilmaslik sayohat qilishga to’sqinlik qilmasligi kerak. Masalan, yiliga 100 milliondan ortiq xitoyliklar dunyo bo’ylab sayohatga chiqadi va ularning deyarli 99% hech qanday chet tilida so’zlashmaydi. Sayohat davomida imo-ishora va qo’l harakati sizni tushunishlari uchun deyarli kifoya qiladi. To’laqonli muloqot qilmoqchimisiz? Muammosiz. Google Translate ilovasini o’rnatib oling va o’zbekcha gaplarni dunyoning istalgan tiliga o’giring yoki aksincha.
Kiwi.com: Arzon aviabiletlar
kiwitaxi.com: Arzon aeroport transferlari
Rentalcars.com: Arzon avtomobil ijarasi
Comment here
You must be logged in to post a comment.