Google Translate
Google Translate bilan dunyoning istalgan davlatiga hech ikkilanmasdan sayohat qilishingiz mumkin. Endi siz uchun notanish til mavjud emas. O’zbek tilidagi xohlagan savolingizni Google mobil ilovasi 100 dan ortiq tillarga shu zahotiyoq tarjima qiladi. Sayohat qilishdan oldin, ketayotgan mamlakatingiz tilini oldindan ko’chirib olishni unutmang. Chunki sizda doim ham internet bo’lmasligi mumkin. So’zlarni yozish siz uchun noqulaylik tug’diradimi yoki chet tilli do’stingiz bilan real vaqtda suhbat qurmoqchimisiz? Muammosiz. “Conversation” tugmasini bosing va suhbatni boshlang. Mobil ilova sizning va suhbatdoshingizning so’zlarini yashin tezligida matn ko’rinishiga keltiradi va tarjima qilib beradi. Faqat so’zlarni aniq va adabiy tilda gapiring. Hozircha bu funksiya o’zbek tili uchun “test” rejimida va faqat ingliz tili bilan ishlamoqda. Shuning uchun, ba’zi noqulayliklardan xafa bo’lmaysiz.
XE Currency
Hozirda valyuta kursini aniqlash uchun juda ko’p mobil ilovalar va web-sahifalar mavjud, ammo XE uzoq vaqtdan beri o’zini ishonchli ekanligini isbotlab kelmoqda. Ilovadan foydalanish super oson va bir vaqtning o’zida bir nechta valyuta bo’yicha amaldagi kurslarni ko’rishingiz mumkin. Bundan tashqari, sizda internet yo’q vaqtda ham bu mobil ilovadan bemalol foydalanasiz. Lekin uzoq payt internetga ulanmaslik ham tavsiya qilinmaydi.
WiFi Map
Mobil ilova yetti milliondan ko’proq foydalanuvchi tomonidan yangilanib turadigan 100,000,000 dan ortiq Wi-Fi kirish nuqtalari bazasiga ega. Shunday qilib, siz sayohat paytida internet uchun Wi-Fi qidirib oyog’ingiz tolmaydi. WiFi Map sizga qayerda eng yaqin Wi-Fi borligini bir zumda ko’rstaib beradi.
Bundan tashqari, ilova ba’zi bloklangan Wi-Fi parollarini ham o’z ichiga olgan. Ilovaning bepul va pulli versiyasi mavjud. Bepul versiyada siz turgan joydan bir mil masofada joylashgan tarmoqlarni topib bersa, pullik versiya esa butun shahar Wi-Fi xaritalarini offlayn rejimda foydalanish uchun oldindan yuklab olish imkonini beradi.
Tripit
Tripit eng mashhur sayohat ilovalaridan biri bo’lib, bu albatta bejizga emas. Bu ilova sizni “mening samolyotim qachon”, “nechida qo’naman”, “hotelim nomi nima edi”, “manzili qayerda” kabi savollardan xalos etadi. Sizning barcha parvozlaringiz, hotel va avtomobil ijarangiz haqidagi barcha ma’lumotni o’zida saqlaydi va sizga ma’lumotlarni vaqti kelganda “eslatib” turadi. Buning uchun, pochtangizga kelgan rezervatsiyalar haqidagi xabarlarni shunchaki ilovaga jo’nating. Tripit avtomatik ravishda kerakli ma’lumotlarni ajratib oladi va sizga qulay tarzda ilovaga joylashitiradi. Ma’lumotlar yuklangandan so’ng, ularni keyinchalik tekshirish uchun sizga internet kerak bo’lmaydi.
Triposo
Wikitravel, Wikipediya va boshqa bir qator bazalardan to’plangan offlayn sayohat qo’llanmasi. Sayohatga ketishdan oldin, borayotgan mamlakat yoki shahringizning ma’lumotlarini yuklab olishni unutmang. Bu ilovada shahar obidalari, sayohatchilar orasida mashxur joylar va qilish mumkin bo’lgan turli xil “activity”larni topasiz. Yana, hotel va ovqatlanish joylari va tavsiyalar o’rini olgan.
Google Maps
Google Maps – foydalanishga oson va eng keng tarqalgan mobil navigatsiya ilovasi. Bu ilova ko’pchiligimiz uchun kundalik yordamchiga allaqachon aylangan. Sayohatga jo’nashingizdan oldin, borayotgan mamlakat yoki shahringiz xaritasini mobil ilovaga yuklab oling. Shunda internet yo’qligi ham sizni manzildan hech qachon adashtirmaydi. Ilovadan bemalol offlayn foydanishingiz mumkin.
Sit or Squat
Bu ko’pincha muhokama qilinadigan narsa emas, lekin ba’zan sayohat qilayotganda eng yaqin hojatxonani topish biroz muammoga aylanishi mumkin. Bu mobil ilova xuddi shu muammoni yeshishni osonlashtiradi. Eng qizig’i, qaysi hojatxona toza va qay biriga kirish tavsiya etilmasligini ham ko’rsatib beradi. Bu albatta sizga har kuningizda kerak bo’lmaydi, lekin har ehtimolga qarshi “B” plan bo’lgani afzalroq.
TripAdvisor
Sayohatda ozgina tajribasi bor bo’lgan har bir odam TripAdvisor dan muntazam foydalanadi yoki u haqida albatta eshitgan. Bu shunchalik katta ma’lumotlar bazasiki, siz unda turar joylar, diqqatga sazovor joylar, restoranlar, gidlar va hokazolar haqida millionlab foydalanuvchilar tomonidan qoldirilgan izohlarni topasiz. Afsuski, offlayn rejimda foydalanib bo’lmaydi, ammo bir nechta bepul shahar qo’llanmalarini yuklab olish imkoniyati bor.
Lounge Buddy
Lounge Room – bu aeroport kutish zalida joylashgan, qulay mebel va boshqa sharoitlarga ega alohida xona. Agar xonaga kirish odatda pulli. Bepul foydalanuvchilar sirasiga masalan biznes klasda uchayotganlar, Visa va MasterCard maxsus programmalariga a’zo bo’lganlar yoki aviakompaniya doimiy xaridorlari va hokazolar kiradi. Xullas, bu mobil ilova aeroportda lounge room borligi, qayerda joylashganligi, qanday sharoitlari borligi haqida sizga to’liq ma’lumot beradi. Shunday qilib, sizga aeroportda kutish vaqtini yoqimliroq o’tkazishingizga yordamlashadi. Agar sizda lounge roomga kirishga imkon bo’lmasa, LoungeBuddy shuningdek, ko’plab zallarga kirishni ilovadan to’g’ridan-to’g’ri sotib olish imkoniyatini beradi.
Yuqorida eslatib o’tilgan mobil ilovalardan foydalanasizmi? Siz yana qaysi ilovani tavsiya qilgan bo’lardingiz? Fikringizni izohlarda qoldiring.
Comment here
You must be logged in to post a comment.